O‘zbekistonda bahor oyida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun qariyb 627 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti jamg‘arilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayeva ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil qish va 2022-yil bahor oylarida respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida jami 626,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shundan 294 ming tonna kartoshka, 86,8 ming tonna piyoz, 163,6 ming tonna sabzi hamda 82,1 ming tonna guruch jamg‘arilgan.
Toshkent shahrining 12 ta asosiy dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini tashkil etilib, viloyatlar tomonidan bozorlarga keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun barcha shart-sharoitlar (bepul rastalar, tarozi, saqlash omborxonalari) yaratib berilgan.
Ushbu bozor yarmarkalari 2022-yil 1-mayga qadar davom ettirilib, 75,5 ming tonna mahsulot bozorlarga yetkazib berilishi kutilmoqda.
Respublikada kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha 40 ta tuman kartoshka yetishtirishga, shundan, 23 tasi urug‘lik kartoshkaga ixtisoslashtirilgan. Xorijdan 47,2 ming tonna kartoshka olib kelish maqsadida 21,7 mln dollar (imtiyozli) moliyalashtirilgan. Shuningdek, kartoshkachilik yo‘nalishida 9 ta klasterlari tashkil etilib, ularga 3,6 ming ga yer ajratilgan. Respublika bo‘yicha 5 ta in-vitro laboratoriyalari tashkil etilgan.
O‘zbekistonda belgilangan tibbiy me’yorga (52,6 kilogramm) muvofiq, aholining kartoshkaga 1 yillik ehtiyoji 1,9 million tonnani tashkil etadi. JSST me’yori (96,7 kilogramm) bo‘yicha aholi iste’moli qariyb ikki barobar ko‘p.
Ta’kdilanishicha, bugungi kungacha importyorlar tomonidan 1042 tonna kartoshka bozorlarga olib kelinib, 3700 so‘mdan 4200 so‘mgacha sotilmoqda. Shu kungacha hududlardagi 27 ta bozorda 985,7 tonna kartoshka sotilgan. Ushbu intervensiya hisobiga kartoshkaning bozorlardagi chakana narxi 1000-2500 so‘mga (25—28 foizga) pastlab, arzon bo‘lishiga erishilgan.
O‘zbekiston 2021-yilda rekord darajada ko‘p — yarim million tonnadan ortiq kartoshka import qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, agar Pokiston yoki Erondan kartoshka olib kirishga taqiq qo‘yilsa, ularning o‘rnini boshqa yirik yetkazib beruvchi mamlakatlar — Rossiya va Qozog‘iston bilan almashtirish qiyin bo‘ladi. Chunki, Rossiya va Qozog‘istonda ushbu mahsulot narxi tez o‘sib bormoqda.
Izoh (0)