Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022-yilning yanvar oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid e’lonlar masofaviy monitoring tartibida o‘rganildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishda, davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sun’iy ravishda qismlarga bo‘lingani, ayrim davlat xaridlarida bir xil ishtirokchilar takroran g‘olib bo‘lgani, ayrim buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlarni “Shaffof qurilish” axborot markazining “Tender.mc.uz” maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
“Biroq davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd qilingan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilib kelinmoqda”, — deyiladi xabarda.
Xususan, Andijon davlat universiteti tomonidan 2021-yilda qurilish sohasida qiymati 5 milliard so‘mdan ortiq 15 ta davlat xaridlari o‘tkazilgan bo‘lib, davlat xaridlari qonun talablariga zid ravishda sun’iy ravishda qismlarga bo‘lingan va natijada 2 ta tender shaklida “Tender.mc.uz” maxsus axborot portali orqali elektron shaklda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan xaridlar 10 ta tanlov shaklida o‘tkazilgan hamda 2 ta holatda bir xil mazmundagi 5 ta tanlovlar qismlarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan.
Tahlillar natijasida, Andijon davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan 15 ta qurilish sohasidagi tanlovlarda 7 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar g‘olib bo‘lgan bo‘lib, sun’iy ravishda bo‘lingan xaridlarning deyarli barchasida bir xil ishtirokchilar qatnashgan va bir xil ishtirokchi g‘olib bo‘lgani aniqlangan.
Shuningdek:
- “Navoiy savdo kompleks” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022-yil 5-yanvar kuni jamiyat savdo kompleksini ta’mirlash bo‘yicha qiymati 21,7 milliard so‘mlik;
- “Toshkentdonmahsulotlari” AJ buyurtmachiligidagi 2022-yil 18-yanvar kuni jamiyat ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,627 milliard so‘mlik;
- Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 2021-yil 27-mart kuni “Samarqand shahar markaziy ko‘cha va xiyobonlariga dizayn asosida daraxt ekish ishlari”ni amalga oshirish bo‘yicha 230 million so‘mlik;
- –“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ buyurtmachiligidagi 2022-yil 17-yanvar kuni mehmonxona binosidagi 5 ta xonalarni buzib qayta rejalashtirish va dizayn asosida 8 ta lyuks xonalarga aylantirish yuzasidan qiymati 996 million so‘mlik;
- “Transgazinjiniring” MChJ buyurtmachiligida 2022-yil 21-yanvar kuni “qurilish-ta’mirlash ishlari”ni bajarish yuzasidan qiymati 2,456 milliard so‘mlik;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” DUK buyurtmachiligida 2022-yil 24-yanvar kuni vazirlik ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,681 milliard so‘mlik qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasida, davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomning 3-bandida, davlat buyurtmachilarining va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravaridan ortiq (675 million so‘m) bo‘lgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari “Tender.mc.uz” maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Avvalroq O‘zbekistonda qurilish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash elektron tender orqali amalga oshirilishi, Toshkentdagi to‘rtta obyektda 3,7 mlrd so‘mlik ta’mirlash va qurilish ishlari tender g‘oliblari aniqlanmasdan olib borilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.