Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi bozorda chiqqan yong‘in oqibatida mavjud do‘konlarning 25 tasiga zarar yetgani xabar berilgandi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkorlar yong‘in sabab katta miqdorda moddiy zarar ko‘rganini aytmoqda.
300 million so‘mlik tovarim yonib kul bo‘ldi
Yong‘in chiqqan bozorda savdo qilib kelganini aytgan To‘lanboy Nazirov yong‘in haqida xabar berilgach, bozorga yetib kelganini, voqea joyiga kelganda esa do‘koni yonib kul bo‘lganini aytmoqda.
“Menga yong‘in haqida soat oltida xabar berishdi. ‘Do‘koning yonyapti’, deyishdi. Yetib kelsam, do‘konim yonib, kul bo‘lgan ekan. 300 million so‘mlik tovarlarim yonib ketdi. Bu do‘konni yuritish davomida kredit olgandim. Endi Prezidentimizdan yordam kutamiz. Imtiyozli, foizi kam bo‘lgan kreditlar berib, qo‘llab-quvvatlashsin degandim. To‘g‘ri, hozir ham banklar kredit beradi. Lekin foizi yuqori, shuningdek, kafillik so‘rashadi. Meni borim yonib ketdi. Shu bois, kafolatga ham hech narsa qo‘yolmayman”, — deydi tadbirkor To‘lanboy Nazirov.
Bozorda o‘t o‘chirishga mo‘ljallangan burchaklar ham tashkil qilinmagan
Do‘koni yonib ketganini aytgan tadbirkorning ma’lumot berishicha, buyum bozorida favqulodda holatlarda foydalanish uchun 60 tonnalik suv saqlash hovuzi bo‘lgan. Ammo hovuz buzib tashlanib, o‘rnida do‘kon qurilgan. Shuningdek, bozorda o‘t o‘chirishga mo‘ljallangan burchaklar ham tashkil qilinmagan.
“Bozorimizda 60 tonnalik suv hovuzi bo‘lardi. O‘sha bo‘lganida biz bunchalik talafot ko‘rmasdik. Qolaversa, har bir rastaning boshida yong‘inni o‘chirish burchagi bo‘lardi. Hatto ‘shlang’lar ham yo‘q. Yong‘inni o‘chirish xodimlari kelganda o‘zlari ham rosa qiynaldi. Men esa 101 ga qo‘ng‘iroq qilib, Toshloq va Farg‘onadan ham yordam yuborishlarini so‘radim. ‘Pojarniy’ kelganda bozor joylashuvi noqulay bo‘lgani sabab bozor yonidagi ariqdan o‘tolmadi. Jonimni xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, yong‘inni o‘chirish ‘shlang’larini olib, o‘zim ichkariga kirib ketdim. Mayli, mening do‘konim yongan bo‘lsa ham qolganlarga zarar yetmasin dedim. Islomjon degan do‘stimning do‘konini, mollarini saqlab qoldik”, — deydi yongan do‘kon egasi.
Bozorda do‘koni yongan yana bir tadbirkor Kozimjon No‘monov yong‘in haqida soat 07:30 da xabar topganini, voqea joyiga kelganda uning do‘koni ham butkul yonib bo‘lganini aytmoqda.
Prezidentimizdan qo‘llab-quvvatlashlarini, imtiyozli kreditlar berishlarini so‘ragan bo‘lardik
To‘rt nafar farzandini turmush o‘rtog‘i bilan birga bozordagi savdo do‘konidan tushayotgan daromadi evaziga boqib kelayotganini aytgan Nilufar Nazirova yong‘in haqida sherigidan xabar topganini, voqea joyiga kelganda do‘koni yonib bo‘lganini bildirmoqda.
“Yong‘in haqida sherigimdan, o‘sha kuni soat 05:45 da xabar topdim. Xo‘jayinim bilan birga kelganimizda bozor darvozalari yopiq ekan. Devordan oshib tushdik. Ko‘rsak, do‘konimiz yonib kul bo‘lgan. Bizning bor-budimiz shu do‘kon edi. Bolalarimizni shu do‘kondan tushayotgan daromaddan boqayotgandik. Prezidentimizdan qo‘llab-quvvatlashlarini, imtiyozli kreditlar berishlarini so‘ragan bo‘lardik”, — deydi Nilufar opa.
Yana bir do‘kon egasi Sardor Toirovning aytishicha, voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilarning o‘z vaqtida yetib kelishi sabab unga qarashli savdo do‘konining bir qismini saqlab qolingan.
Quva tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Rafiqjon Isroilovning aytishicha, yong‘in haqida bo‘limga soat 06:23 da xabar kelib tushgan bo‘lsa, yong‘inni o‘chirish guruhi voqea joyiga 06:27 da yetib borgan.
Bozordagi mavjud 326 ta savdo do‘konining 302 tasi saqlab qolingan
“Voqea joyiga tumandan yetib kelgan ikkita yong‘inni o‘chirish ekipaji yetib kelib, yong‘inni 06:31 da o‘rab olgan va 07:10 da yong‘inni to‘liq o‘chirgan”, — deydi Rafiqjon Isroilov.
Ma’lumot berilishicha, bozordagi yong‘inni o‘chirish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan ham 11 ta yong‘in qutqaruv ekipaji jalb qilingan bo‘lib, bozordagi mavjud 326 ta savdo do‘konining 302 tasi saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida esa 24 ta do‘kon zarar ko‘rgan.
Mavzuga doir:
- Samarqandda gaz balloni portlagan oshxonadan fotoreportaj
- Denovdagi portlashda 65 ta uy zarar ko‘rgani, 6 ta xonadon devorlari esa yorilib, yashash uchun xavfli holatga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi
- “Qonga belangan bir ayol va erkak baqirib yordam so‘rardi”. Denovdagi dahshatli portlash joyidan reportaj