Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlaridagi, shuningdek, mamlakatning barcha tuman va shahar hududlaridagi tibbiyot muassasalaridagi elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi va shifoxonalar odatiy ish tartibida faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning qator viloyatlari 25-yanvar kuni soat 11:00 larda elektr energiyasi ta’minoti uzilgandi. Shu kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev svet o‘chishidan xavotirlanishga o‘rin yo‘qligini, barcha operatsion bloklar qo‘shimcha ta’minot generatorlariga ulanganini “Daryo”ga ma’lum qildi.

Shuningdek, SSV mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalari, xususan, ulardagi reanimatsiya bo‘limlari, tug‘ruq komplekslari va koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olishga qaratilgan zarur choralar ko‘rilayotganini e’lon qilgandi.