O‘zbekistonga 21-yanvar, juma kuni Kaspiy dengizidan sovuq antisiklon kirib kelib, shanba kuni respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qayd etilishicha, 22-yanvar kuni O‘zbekistonda bulutli va sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi, tog‘li hududlarda qor yog‘adi. Harorat kunduzi 0-5 daraja iliqdan oshmaydi.

21—22-yanvar kunlari sovuq front o‘tishida respublika bo‘yicha shamol 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni yog‘ingarchilik to‘xtaydi, faqat respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida biroz yog‘ingarchilik saqlanib turadi. Kechasi sovuq kuchayadi va 0-5 daraja sovuq, shimolda 5-10 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Kunduzi havo harorati 3-8 daraja iliqni tashkil etadi.

Dam olish kunlari, shuningdek, siklon ta’sirida tuman hosil bo‘ladi, ko‘rinuvchanlik yomonlashadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning tog‘li hududlarida 28-yanvargacha qor ko‘chish xavfi mavjud.