Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, Sharifbek Hasanov Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasining boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Tayinlovga qadar Sharifbek Hasanov Vazirlar Mahkamasi Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati mudirining o‘rinbosari — Turizm va sportni rivojlantirish masalalari sho‘basi mudiri lavozimida ishlagan.

Ma’lumot uchun, mazkur inspeksiya O‘zbekiston prezidentining 2021-yil apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan. Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi shtat birliklari O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantirilgan.

Avvalroq Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga rahbar tayinlangani, Shahrisabz, Marg‘ilon va Xivada Madaniy meros texnikumlari tashkil etilishi, O‘zbekistonda moddiy-madaniy meros obyektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.