Barchin G‘ofurova “Baxt ovchisi” serialidagi Zulya obrazi bilan tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Ushbu obraz aktrisa tomonidan o‘ta ishonarli tarzda ijro etilgani bois, unga ijtimoiy tarmoqlarda turli haqoratlar, tahdidlar ham bo‘ldi. “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova Barchin G‘ofurova bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida aktrisa nima sababdan salbiy rollarni ijro etishi, tanqidga uchragani va hayotidagi qiyinchiliklari haqida gapirdi.

“Raqqosa bo‘lishimga qarshi bo‘lishgan” 

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

— Ota-onam asli qashqadaryolik bo‘lishgan, ammo men Toshkentda tug‘ilganman. Bolaligimdan raqqosa bo‘lishni orzu qilardim. Ammo oila a’zolarim bu kasbni egallashimga jiddiy qarshilik qilishdi. Hech bo‘lmasa aktrisa bo‘lishimga ruxsat beringlar, deb O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Drama aktyorligi” bo‘limiga hujjat topshirganman. Afsuski, o‘sha yili shartnoma pulini to‘lolmaganim uchun o‘qishdan chetlashtirishgan. Bir yildan so‘ng yana hujjat topshirib, bujet asosida o‘qishga qabul qilinganman. Ayrimlar o‘ylagandek, san’atga begona inson emasman. Institutni bitirib, O‘zbekiston davlat Satira teatrida ham ishladim. Ammo truppa rahbarining qo‘pol muomlasi sabab, teatrdan ketishga qaror qildim.

“Ijara uyda yashash azobini bilaman” 

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

— Oilada ikki farzandmiz. Ukam ikkimizning bolalik yillarimiz havas qilgudek o‘tgan. Afsuski, maktabni bitirish arafasida ukamda jiddiy xastalik aniqlandi. Onam uyimizni sotib, ukamni davolatishga qaror qildi. U kunlarni eslash juda og‘ir. Shukrki, ukam Pragada uzoq vaqt davolanib, kasallikdan butunlay xalos bo‘ldi. Ammo ijara uyda yashash oson emasdi. Yashirmayman, puldan qiynalganim uchun darsdan keyin oshxonalarda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining eski binosi yaqinida “Gap” kafesi bor edi. Har kuni darsdan keyin ofitsiantlik qilardim. Uning doimiy mijozlaridan biri aktrisa Saida Rametova edi. Men ham shu inson kabi aktrisa bo‘lolamanmi deb orzu qilardim. Orzum Ozod Shamsning “Ishq o‘yinlari” serialida amalga oshdi.

“Rol uchun beradigan pulim yo‘q” 

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

— Ayol san’atkorlarga juda qiyin. Bitta rolga erishguncha bema’ni takliflar va kamsitilishlarga chidash kerak. Yashirmayman, mendan ko‘plab rejissorlar rol uchun pul so‘rashgan. Shu bois ko‘plab kastinglardan “To‘rt yil nega aktyorlik bo‘yicha o‘qidim”, deb jahl qilib chiqib ketganman. Chunki u paytdagi moddiy ahvolim og‘ir edi. Teatridan oladigan 500—600 ming so‘m oyligim ijara uy va yeb-ichishimdan ortmasdi.

Foto: Barchin G‘ofurova arxividan.

Hayotimga kutilmagan tashvishlar ko‘p bora soya solgan. Shulardan biri 2015-yili 25-may kuni sodir bo‘ldi. O‘shanda teatrda “Qo‘sh arava” spektaklining tayyorgarlik jarayoni edi. Onam qo‘ng‘iroq qilib, metroning Abdulla Qodiriy bekatida yiqilib jarohat olganini aytdi. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay, yugurib sahnadan chiqib ketdim. Kelsam onam metrodan chiqish eshigi oldida yiqilgancha o‘tiribdi. Birorta inson qo‘lidan tutib, nega yiqilganining sababini so‘ramagan, bekat xodimlari ham tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishmagan. Zaxda shuncha payt qolib ketgan onamga achindim va tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Suyak singani uchun onam ancha qiynaldi. Operatsiya qildirmasa yurolmay qolishini aytishdi, ammo menda yetarli pul yo‘q edi. Shunda qarindosh-urug‘lar va teatrdagi hamkasblarim ozgina pul yig‘ib berishdi. Umarali Barotovich degan shifokor ahvolimni ko‘rib, “Menga pulingiz kerak emas”, deganda, quvonganimdan onam yurib ketsa, butun shifoxonaga osh tarqataman, deb niyat qilgandim. Shukrki, niyatim ko‘p o‘tmay amalga oshdi.

“Men ijobiy rolda “yasholmayman”

— Ko‘pchilik meni “Baxt ovchisi” serialidan so‘ng tanidi. Ammo undan avval ham bir necha film va seriallarda suratga tushganman. “Qadam”, “Ishq o‘yinlari”, “Ojiza”, “Ona zamin” seriallarida ham o‘ziga xos rollarni ijro etganman. Ammo “Baxt ovchisi” serialidagi rolim omadli chiqdi. Aslida bu rolga “Afandining qizlari” jamoasidagi Nigora Abdullaxonova tayinlangandi. Ammo suratga olish jarayonlari boshlanishiga uch kun qolganda rolga tasdiqlandim. Men ijobiy rolda yasholmayman. Ammo salbiy rolni miriqib o‘ynayman.

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

“Baxt ovchisi” serialidagi Zulya rolidan uyalmayman. Aksincha, shu yo‘lni tanlash ostonasida turgan qiz ayollarga ta’sir etolgan bo‘lsam xursand bo‘laman. Avvaliga ijtimoiy tarmoqlar rolimga nisbatan aytilgan  nojo‘ya fikrlarga to‘lib ketdi. Hatto, Instagram orqali “Seni o‘ldiraman, uyatsiz, rolingdan uyalsang bo‘lardi”, degan tahdidlar ham bo‘ldi. Ammo hozir ko‘pchilik tomoshabinlar rol mohiyatini tushunib, minnatdorlik bildirishyapti. Ayniqsa bekalar ko‘cha ayollari qanday yo‘l bilan erkaklarning ko‘ngliga yo‘l topishini serial voqealari asosida tushunishdi. Erlariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishgan bo‘lsa ajabmas.

Serial “piari” ko‘pgina davralarda muhokama etildi. Aslida video qanday tarqab ketganidan xabarim yo‘q.

Bir kuni ertalab Ozod Shams qo‘ng‘iroq qilib, serialdagi sahnalardan biri tarqab ketgani va ko‘pchilik meni hayosizlikda ayblayotgani haqida aytdi. Videoni ko‘rib, qattiq ranjidim. Rejissor bilan tortishdim. Chunki kichik parchani har kim o‘zicha talqin qilishi mumkin, bu sahna nima maqsadda olinganini tushunish uchun serialni boshidan-oxirigacha ko‘rish kerak.

Ba’zilar o‘ylagandek oilamiz erkaklari dayus emas, ular shunchaki san’atni tushunishadi. Menimcha, video serialning reklamasiga xizmat qildi.

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

— Ba’zilar o‘ylagandek, badavlat insonning qizi yoki o‘ynashi emasman. Faqat aktrisalikning ortidan pul topaman. Ukam Nyu-York shahrida yashaydi. Ba’zi paytlarda moddiy yordam beradi. Onam bilan 300 AQSh dollari to‘lab kichik kvartirani ijraga olganmiz. Meni yengiltabiat deb o‘ylaydiganlar bir marta suhbatlashgach, hayotda Zulyaning aksi ekanimga amin bo‘lishadi. Nima qilay ijobiy rollarni ko‘p ijro etdim, ammo tomoshabinlar e’tiboriga tushgani yo‘q. Salbiy rolim esa tomoshabinlar e’tiborini tortdi.

Onam san’atkor bo‘lmasa-da, bu sohaga qiziqadi. Mendan avval ssenariylarni o‘qib chiqadi, hatto rol uchun ham liboslarni o‘zi tanlaydi. Olti yuz ming nafaqa pulini ham o‘ziga sarflamay, menga liboslar sotib oladi.

Foto: Instagram / @barchin_gafurova

— Tashqi qiyofamni tez-tez o‘zgartirib turaman. Avval sochim qora va uzun edi, undan keyin sariq sochlarni tanladim. “Ishq o‘yinlari” seriali rejissori Ozod Shams serial uchun sochlarimni kaltalatishimni so‘radi. Shu sabab uzun sochlardan voch kechganman.

Eslatib o‘tamiz, aktrisa 1990-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Qarshi shahridagi 1-sonli maktabni tamomlagan. Shu kungacha asosan seriallarda suratga tushgan.