Odina To‘xtasinova “Sevgi” va “Shukrona” seriallari orqali tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Jurnalist Nargiza Murodova yosh aktrisa bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

“Hamshiralikni eplay olmadim”

Oilamizga san’at begona, ammo buvim rahmatli bolaligimdan aktrisa bo‘lishimni orzu qilgan. Chunki maktab chog‘larida san’atga juda qiziqardim. Ammo ota-onam san’atkor bo‘lishimni istashmadi. Shu bois maktabni tamomlab, hamshiralik bo‘yicha tahsil oldim. Ammo mutaxassisligim bo‘yicha faoliyat yuritolmadim. Kollejni tamomlagach, bir muddat kasalxonada ishlaganman. Og‘ir ahvoldagi bemorlarni ko‘rib, ruhan qiynaldim. Shundan so‘ng tibbiyot sohasida ishlolmasligimni anglab yetdim.

Aktrisa rejissor va aktyor Sarvar Isayev bilan.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

“Tarjimonlik sohasidan aktrisalikka”

Jamiyatda o‘z o‘rnimni topish uchun jiddiy intilganman. Shu bois, ikki yil davomida xorij tilini o‘rgatuvchi o‘quv markazga qatnadim. Koreys tilini mukammal o‘rganib, tarjimonlik faoliyatimni boshladim. Ammo bolalikdagi san’atga bo‘lgan ishtiyoqim so‘nmadi. Kastinglarda ishtirok etib turdim. Ilk rolimni Davron Umarov rejissorligidagi “Jangovor qaynona” filmida ijro etganman, undan keyin “Qadam” serialida suratga tushdim. Garchi rollar u qadar katta bo‘lmasa-da, o‘zim uchun juda qadrli.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

“Sevgi” seriali va rejissor bilan munosabati

Rejissor Durdona To‘lagonova bilan tanishishimga Zarnigor G‘aniyeva sababchi bo‘lgan. O‘sha paytda Durdona opa “Jurnalist” serialini suratga olayotgandi. Zarnigor opa “Kichik epizod rol bor, o‘ynab berolasizmi?” degan. Tabiiyki, taklifni jon deb qabul qilganman va kichik rolim “Sevgi” serialiga taklif etilishimga sabab bo‘lgan. Undan keyin “Shukrona” serialida asosiy rolni ishonib topshirishdi. Rostini aytsam, ilgari rol o‘ynashni chiroyli kiyinib, kadr oldida turish deb tushungan ekanman. Maryam roli orqali uning naqadar qiyinligini angladim.

Aktrisa o‘g‘illari bilan.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

Oilasi va farzandlari haqida

“Turmushga chiqqanmisiz? Biz sizni oila qurish ostonasidagi qiz deb o‘ylagandik?” degan gaplarni ko‘p eshitaman. Erta oila qurganim bois o‘g‘illarim ancha ulg‘ayib qolishgan. Katta o‘g‘lim Amirxon 13 yoshda, Temurxon esa 12 yosh. Turmush o‘rtog‘im oilaviy rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashimni unchalik yoqtirmaydi. Ular san’atni tushungani bilan jahllari chiqadigan vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Chunki oxirgi paytlarda “Shukrona” serialining syomka jarayonlari 13-14 soat davom etayapti. Ammo navbati bilan o‘g‘illarim men bilan birga syomka jarayonlarida ishtirok etishadi.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

“Asosiy kasbimni davom ettiraman”

Albatta, asosiy kasbimni davom ettiraman. Ammo san’atga ham shunchaki xobbi deb qarash niyatim yo‘q. Agar ijrolarim xalqqa manzur bo‘layotgan bo‘lsa, davom ettiraman.

Ma’lumot uchun, Odina To‘xtasinova 1988-yil 26-fevral sanasida Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida tavallud topgan. Shu kungacha “Jangovor qaynona”, “Qadam”, “Sevgi” va “Shukrona” film va seriallarida suratga tushgan. Ammo unga ko‘proq “Shukrona” serialidagi Maryam roli omad olib keldi.

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan

Foto: Odina To‘xtasinovaning shaxsiy arxividan