Xitoyning Xenan provinsiyasi, Chjenchjou shahrida suv toshqini tufayli qutqaruvchilar 100 mingga yaqin odamni evakuatsiya qildi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: “TASS”

Evakuatsiya ishlari uchun hukumat yettita qutqaruv guruhi, 75 ta qutqaruv mashinasi, 40 ta qayiq, 17 ta dron, to‘rtta ko‘chma sun’iy yo‘ldosh stansiyasi va 300 dan ortiq harbiy xizmatchini safarbar qildi.

Toshqinlarga qarshi kurashish uchun Xenanga 18500 dan ortiq qutqaruv uskunalari to‘plami yetkazib berildi. Yana yettita hududda 1,8 ming mutaxassisdan iborat guruh va 250 qayiq qutqaruv ishlariga jo‘natildi.

Chjenchjouda 20-iyul kuni kuchli yomg‘ir tufayli yerosti metrosini suv bosdi. Oqibatda 12 yo‘lovchi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi.

Xabarlarga ko‘ra, yomg‘ir suvi metro yo‘nalishlaridan birining yuqorisidagi avtoturargohda yig‘ilgan, shundan so‘ng u yerostiga tushib, metro yo‘lini suv bosgan. Metropoliten quvvati o‘chirilgandan so‘ng, metro ma’muriyati yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishni boshlagan. Yerosti yo‘lidan taxminan 500 kishi olib chiqilgan.

“Xuansyu shibao” gazetasining xabar berishicha, Chjenchjouda 19-iyul soat 20:00 dan 20-iyul 20:00 gacha 552,5 mm yog‘ingarchilik tushgan. Shu bilan birga, 16:00 dan 17:00 gacha atigi bir soat ichida shaharda 201,9 mm yog‘ingarchilik  tushgan. Natijada Chjenchjou ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 60 yillik rekordni yangiladi. Shaharda yillik yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha 640,8 mm.

Shahar transport aloqalari to‘xtagan, elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda elektr yoki suv yo‘q. Hukumat favqulodda vaziyat rejimini e’lon qildi hamda ofatlarni bartaraf etish masalasini maksimal darajaga ko‘tardi.

Chjenchjouda, shuningdek, transport harakati falajlangan, 80 ta avtobus yo‘nalishi va metro vaqtincha to‘xtatilgan. Shahar aeroporti 260 ta reysni bekor qildi. Temiryo‘lda poyezdlar harakati kechiktirilmoqda yoki bekor qilinmoqda. Mutaxassislar 21-iyul kuni yana 260 mm yog‘ingarchilik yog‘ishini prognoz qilmoqda.

Xitoy Kommunistik partiyasi raisi Si Szinpin voqealar rivojiga bag‘ishlangan ma’ruza qildi. U harbiylar va politsiyani qutqaruv ishlarini olib borishda hududlarga faolroq ko‘maklashishga, mahalliy hokimiyatni esa infratuzilmani tezroq tiklashda yordam berishga va toshqin tufayli qashshoqlik o‘sishining oldini olishga chaqirdi.