Iyul oyi o‘rtalarida Yevropaning bir qator shaharlarida kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatildi. Germaniya ayniqsa ko‘p jabr ko‘rdi: toshqinlar sabab 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Germaniyada istiqomat qiluvchi jurnalist Irina Chevtayeva Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeri (eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri)dagi bitta shahar misolida Germaniya suv toshqini oqibatlarini qanday bartaraf etayotgani haqida Meduza’ga reportaj tayyorladi.

Bad-Myunsterayfel shahri, 2021-yil 16-iyul.

Foto: AFP / Meduza

Pensioner Rollf Keser 14-iyul oqshomida televizor ko‘rib o‘tirgandi. Tashqarida yomg‘ir yog‘ar, yog‘ingarchilikning shovqini borgan sari kuchayib borardi. Keser bunga hech e’tibor bermasdi — rafiqasi derazaga qarab: “Bizning mashinamiz oqib ketayapti, shekilli”, demaganida.

Er-xotin ikkinchi qavatda edi. Rolf yerto‘lani suv bosgan-bosmaganini tekshirish uchun pastga tushmoqchi bo‘ladi. Ammo allaqachon birinchi qavat suvga to‘lib bo‘lgan, suv ko‘tarilishda davom etardi. “Biz kechasi bilan uxlaganimiz yo‘q, nima qilarimizni bilmay, shu manzarani tomosha qilib chiqdik”, — deydi u.

Rolf Keser Kyoln yaqinidagi Bad-Myunsterayfel kurort-shaharchasida yashaydi (Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeridagi bu shaharchada taxminan 20 ming kishi istiqomat qiladi). Uning uyi shundoqqina Erft daryosi bo‘yida joylashgan. Atrofi tepaliklar bilan o‘ralgan pastlik bo‘lgani uchun ham aynan shu joy toshqindan eng ko‘p jabr ko‘rgan.

Shaharning yuqoridan ko‘rinishi, 16-iyul.

Foto: AFP / Meduza

Rolf Keser.

Foto: Irina Chevtayeva / Meduza

Keserning so‘zlariga ko‘ra, uning uyida suv sathi yelkadan ko‘tarilgan: devorlarda buni tasdiqlovchi qo‘ng‘ir iz qolgan. “Mana, hayotimizning bir bo‘lagi”, — deya, u loyqaga qorishib yotgan mebellar va taxta uyumini ko‘rsatadi.

Boshqa ko‘plab xonadonlarning oldida ham shunday uyumlarni ko‘rish mumkin. Suv uylarning birinchi qavatini bosgan, poydevorning bir qismini yuvib ketgan, asfalt va bruschatkaning rasvosini chiqargan. Shaharning bu qismida suv va elektr ta’minoti hamon qayta tiklangani yo‘q, aloqa uzilishlar bilan ishlayapti.

Hozir shaharni asosan shaharliklarning o‘zi tozalayapti. Suv bosgan uylardan hamma narsani chiqarib tashlashyapti, buyumlarni suv solingan tog‘ora va konteynerlarda yuvishga urinishyapti. Katta botinka kiygan va tizzasi loy o‘nlab odamlar belkuraklarni taraq-turuqlatgancha shahar markaziy maydonlaridan birini qum va tosh bo‘laklaridan tozalayapti. Marmelad solingan qog‘oz paketni ko‘tarib olgan bir o‘spirin ularning oldiga borib: “Oling, shirinlik yeysizmi?”, deb so‘rab yuribdi. Kimdir uning paketidan shirinlik olyapti, boshqalar esa jiddiy qiyofa bilan uning yonidan o‘tib ketyapti.

“Aqlga sig‘maydi. Men go‘yoki dahshatli filmga tushib qolgandekman. Shahring mana shunday vayronaga aylanib qolishini ko‘rish og‘ir”, — deydi talaba Deniz. U ham Erft bo‘yida, XVII asrda qurilgan uyda yashaydi: “Mening kvartiram ikkinchi qavatda, suv u yergacha chiqqani yo‘q, biroq birinchi qavatdagi do‘konni shunchaki yuvib ketdi”.

Deniz ham, boshqa ko‘pchilik kabi, kuchli yomg‘ir va suv to‘planishiga ko‘p ahamiyat bermagan: “Bunday voqealar bo‘lib turardi, ozgina suv bosardi, bu yerda bu kabi holat odatiy hol”. Biroq keyin uyi yonidan katta qutilar, shkaflar, daraxt shoxlari suzib o‘tayotganini ko‘rgan.

“Suv ikki tomondan siqib kelardi, men oilam va do‘stlarimdan to‘liq uzilib qoldim va uydan chiqib ketishga imkonsiz edim. Bu vaqtda ba’zilar qo‘shnilariga yordam berishga harakat qilganidan xabarim bor. Tongda, suv kamaygach, nimalar vayron bo‘lganini ko‘rdik. Umuman olganda, hamma narsa vayron bo‘lgandi”, — deb tasvirlaydi talaba qiz. Hozir u onasi Natalining uyida yashayapti — ularning uyi tepalikda joylashgan, u yerda elektr bor.

Xotin-qizlar shahar markaziga chiqib, Denizning kvartirasi ostidagi ichi loyga to‘lgan do‘konni tozalashga yordam bermoqda. “Yomg‘ir yog‘ishi haqida ogohlantirishgandi. Lekin bunchalik toshqin bo‘lib ketishini hech kim kutmagandi”, — deydi Natali. Uning oq futbolkasi va djinsi shimida allaqachon loy izlari bor, qo‘liga katta qo‘lqop kiyib olgan.

Uning dugonasi Ute ham shu yerda. “Kechki mahal, ishdan qaytayotganimdayoq suv ko‘p edi, lekin yana shuncha suv qo‘shilishi mumkinligini o‘ylamagandim! Men 15-iyul kuni tongda uyg‘onib, nima bo‘layotganini umuman tushunmadim. Aloqa yo‘q, shaharga chiqdim. Avvaliga yaqinlarimizga tirikligimizni bildirish, keyin qo‘shnilarga yordam berish kerak edi. Hozir har qanday yordam zarur”, — deydi Ute.

Ayollar ko‘cha o‘rtasida turishardi. Natali hikoyasini davom ettirmoqchi ham ediki, burchakdan qora futbolka kiygan bir erkak yugurib chiqib: “Buyog‘da to‘g‘ridagi bir uy yonyapti!”, deb baqirib qoldi.

Deniz.

Foto: Irina Chevtayeva / Meduza

“Jin ursin, jin ursin, jin ursin. Unda hammasi portlab ketadi-ku! Gazni o‘chirish kerakmikin, bilmadim, bu yerdan ketish kerak”, — dedi Natali.

Ular Ute bilan ko‘cha bo‘ylab ketishyapti. Mebellarini tashqariga olib chiqib, uyini tozalayotgan hammaga: “Biz hozir eshitdik, uy yonayotgan ekan”, deb, ogohlantirib ketishyapti.

“Ketish kerakmi?”, — deb so‘raydi qurilish formasidagi erkak, qo‘lidagi belkurakni bir chekkaga qo‘yib. U bir necha kishi bilan mehmonxona polini loyqadan tozalayotgan edi.

“Bilmadik. Uy yonayotgani haqida xabar berish uchun keldik”, — deb javob beradi Natali.

Odamlar yo‘lga chiqib, o‘t o‘chirish mashinalari turgan eski shahar darvozalari tomon shoshilmay harakatlana boshladi. “Bugun juda oftob charaqlagan kun bo‘ldi, shuning uchun yonib ketgan”, — deb olomon ichida kimdir hazil qildi. Natali va Ute ham kuldi.

Keyin kimdir tasdiqladi: uy rostdan ham yonayotgan ekan, undan tutun ko‘tarilyapti, signalizatsiya ham ishlab ketgan. Odamlar endi tezroq yura boshladi. Natali u bilan yonma-yon ketayotgan hamshaharlaridan biriga gap tashlaydi: “Bu kishim buyoqda kamiga chekyaptilar ham”, va yana Ute bilan birga kuladi. Oradan yarim soat o‘tib, ishga qaytish mumkinligi ma’lum qilindi: uydagi olov o‘chirilgan, ortiq tutamayapti.

Meduza bilan suhbatlashganlarning birortasi toshqin kuni na politsiyachilar, na o‘t o‘chiruvchilar va na qutqaruvchilarni ko‘rganini aytdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, maxsus kuchlar toshqinning ertasiga, suv ortga qaytishni boshlagan vaqtda kelgan.

Ayni vaqtda, shahar meri Zanibe Prayzer-Marion Meduza muxbiri bilan suhbatda qutqaruv xizmatlari darhol voqea joyiga yetib kelganini, biroq “yaxshiroq ishlashga shunchaki imkon bo‘lmagani”ni ta’kidladi. Shahar rasmiylari kiyim-bosh, suv va yegulik olish mumkin bo‘lgan yordam shoxobchalarini ochgan. Xuddi shu shoxobchalarda dushga kirib-chiqish, uxlab hordiq chiqarib olish yoki bolalarni tarbiyachilarga qoldirish mumkin. “Odamlar juda katta birdamlik ko‘rsatishyapti, men bunaqasini shu vaqtgacha ko‘rmagandim”, — deya alohida qayd etdi Prayzer-Marion.

Shaharga yordam ko‘rsatish niyatida butun Germaniyadan ko‘ngillilar kelgan, biroq, mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, kelganlar orasida talonchi va bekorchilar ham yo‘q emas. “Odamlar bizga yordam berish uchun kelayotganliklaridan juda xursandmiz, bundaylar juda ko‘p. Lekin bu yerga shunchaki ko‘ngilxushlik uchun kelganlarni chekkaga chiqib turishlarini xohlardik”, — deydi Natali.

Unga Rolf Keser qo‘shimcha qiladi: “Tunda odamlar fonarcha ko‘tarib olib, vayron bo‘lgan uy va do‘konlarni aylanyapti. Olsa arzigulik narsalarni qidirib yurishibdi, men o‘zim mana shu yo‘lning narigi tarafida ko‘rdim shundaylarni. Lekin politsiya bunday holatlarni bartaraf etyapti”.

Keser shahar mulozimlarining xatti-harakatlaridan keskin norozi: “Shahar meri intervyularda kurort-shahar xuddi bombardimon qilingan joyga o‘xshab qolgani haqida aytyapti. Rostdan ham shunday, lekin men uni (merni) bu yerda ko‘rganim yo‘q. Vaholanki, u aholi bilan gaplashishi, bir-ikki og‘iz yupanch so‘zlarini aytishi, pastga tushishi mumkin edi. Biz davlatdan shartsiz ko‘mak olishni, yordam tezda va ortiqcha byurokratiyasiz taqdim etilishi haqida eshitishni istardim. Hozircha bu ishlar bo‘layotgani yo‘q”.

Mahalliy aholi shaharni tozalamoqda, 16-iyul.

Foto: AFP / Meduza

Shahar rahbari Meduza muxbiri bilan suhbatda shaharning quyi qismida bo‘lib, aholi bilan muloqot qilganini, biroq hozir imkon qadar ko‘proq vaqtni tepalikdagi inqiroz markazida o‘tkazishga harakat qilayotganini aytdi, boisi u yerda mobil aloqa bor. Aholi qanday yordam, kompensatsiya olishi mumkin degan savolga mer javob bera olmadi, uning ta’kidlashicha, bu masala bilan shahar ma’muriyati emas, balki hududiy va federal hukumat shug‘ullanishi kerak.

Germaniya hukumati shaharlarni qayta tiklash va aholiga kompensatsiya to‘lash uchun qancha pul ajratish haqida hali o‘ylayapti — vayrongarchiliklar ko‘lami va yetkazilgan zarar hajmi hali noaniq. Lekin bir narsa hozirdan aniq — bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik suv toshqinlari bo‘ldi.

Odamlarga politsiya, o‘t o‘chiruvchilar, armiya va ko‘ngillilar yordam ko‘rsatmoqda. Volontyorlik tashkilotlari ham, aholining o‘zi ham toshqinda qolgan hududlar uchun pul, shuningdek, kiyim-kechak, yegulik va birinchi ehtiyoj vositalarini to‘playapti. Ko‘pchilik suv ostida qolgan hududlardan ko‘chirilgan aholini o‘z uyida joylashtirishga tayyorligini bildirmoqda, mehmonxonalar ham jabrlanuvchilar uchun bepul xonalar taklif qilyapti.

Bad-Myunsterayfelda suv toshqinlari oqibatida besh kishi, butun Germaniya bo‘yicha esa 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi, yana o‘nlab aholi bedarak yo‘qolgan. Shahar aholisi bir narsani ochiq tan olyapti: kurort hozir “xuddi urushdan keyingi ahvol”dagidek ko‘rinsa-da, boshqalar bilan taqqoslaganda, ehtimol, unchalik ham jiddiy ziyon ko‘rmagan. Masalan, Zinsigda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan internatda yashovchi 12 kishi halok bo‘lgan. Erftshtadtda esa taxminan 15 kishi hali ham o‘z uylaridan chiqib keta olmayapti va yordam kutmoqda.

Foto: Sinxua / Meduza

Foto: AFP / Meduza

Erfshtadtga 17-iyul kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Shimoly Reyn-Vestfaliya yeri rahbari, kanslerlikka nomzod Armin Lashet keldi.

Lashet ortiqcha byurokratiyasiz to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam ko‘rsatishga va’da berdi, biroq shundan so‘ng jiddiy tanqid ostida qoldi: ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shtaynmayer odamlar “ko‘p narsa yo‘qotgani” haqida gapirayotgani Lashet uning ortida turib, kulayotgani aks etgan video e’lon qilindi. Kanslerlikka nomzod buning uchun uzr so‘rab, mazkur xatti-harakati “o‘rinsiz bo‘lgani”ni tan oldi.

Lashet suv toshqinlarini “tarixiy miqyosdagi falokat” deb atadi, Germaniya kansleri Angela Merkel esa jabrlanuvchilarga qo‘lidan kelgan barcha yordamni ko‘rsatishga va’da berdi (Merkel 18-iyul kuni toshqin ostida qolgan hududlardan biriga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan edi).

“Tabiat bizga jiddiy zarba berdi va siyosatchilar bu muammoni ko‘rib, uni hal qilayotganliklarini his qilish biz uchun muhim. Hozircha men buni his qilayotganim yo‘q”, — deya ta’kidladi Rolf Keser.

Va shunday qo‘shimcha ham qildi: “Lekin biz hozir hammayoqni quritib, tozalaymiz, hozircha yengni shimarib, ishga kirishish kerak”. O‘z navbatida Deniz rasmiylar nima qilayotganini mutlaqo kuzatmayotganini aytdi: “Bu haqda o‘ylashga ham vaqtim bo‘lgani yo‘q. Biz bu yerda hammamiz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz, eng muhimi shu. Agar kimdir o‘z yerto‘lasini tozalab ulgurgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yordamga chiqyapti”.