Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi mashina o‘quvchilarini urib ketdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi. Xabarda avtomobil rusumi ma’lum qilinmagan.
Qayd etilishicha, haydovchi kechki soat 18:00 atrofida 30–40 tezlikda ketayotgan bo‘lgan. Ikki voyaga yetmagan bola boshqa avtomobildan qochib, mashina yo‘liga chiqib qolgan va yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Haydovchi bolalarning birini o‘z mashinasida shifoxonaga olib borgan, ikkinchi o‘quvchini esa tez tibbiy yordam mashinasi olib ketgan. Voqea sabab bolalarning biri vafot etgan, ikkinchisining esa ahvoli og‘ir.
Holatdan so‘ng viloyat YHXB tomonidan tezkor shtab tuzilib, YTH sabablari o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, avtohalokat sodir bo‘lgan ko‘chada yo‘l yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan. Yo‘lning qatnov qismida esa notekisliklar mavjud bo‘lgan.
Hodisadan bir kun o‘tib, bu yo‘llarni tekislash, sun’iy notekisliklar yotqizish ishlari boshlab yuborilgan. Endilikda mahallaning 1,5 kilometrli markaziy ko‘chasiga yoritkich chiroqlari ham o‘rnatilishi ma’lum qilingan.