O‘zbekiston Superligasining 2022-yilgi mavsumi Superkubok uchrashuvi bilan start oladi. Bu haqda PFL matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: PFL

O‘zbekiston Superkubogi bahsi 26-fevral sanasida bo‘lib o‘tadi. Unda chempion sifatida “Paxtakor” va Kubok sohibi sifatida “Nasaf” o‘zaro kurash olib boradi.

Superliganing yangi mavsumi esa 2-mart kuni start oladi. Chempionatda 14 ta jamoa ishtirok etadi.

  1. “Paxtakor”;
  2. “OKMK”;
  3. “Bunyodkor”;
  4. “Lokomotiv”;
  5. “Nasaf”;
  6. “So‘g‘diyona”;
  7. “Metallurg”;
  8. “Navbahor”;
  9. “Qo‘qon-1912”;
  10. “Surxon”;
  11. “Qizilqum”;
  12. “Neftchi”;
  13. “Dinamo”;
  14. “Olimpik”.

Avvalroq, yangi mavsumdan jamoalar soni 16 taga oshirilishi haqida taxminlar yangragandi. Ammo O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) bunga rasmiy munosabat bildirib, yangi mavsumda jamoalar sonida o‘zgarish bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

2021-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra “Andijon” (13-o‘rin) va “Turon” (14-o‘rin) Superligani tark etdi. Pro-Ligadan “Neftchi” va “Dinamo” Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘tish o‘yinida Pro-Ligada 3-o‘rinni olgan “Olimpik” jamoasi Superligada 12-pog‘onani band etgan “Mash’al”ga qarshi bahs olib bordi. Unda Temur Kapadze shogirdlari 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, 2022-yilgi mavsumni Superligada boshlash imkoniga ega bo‘ldi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!