Eng yirik internet-riteyleri hisoblanuvchi Amazon kompaniyasi xodimlari dunyoning 20 ta mamlakatida “Qora juma” munosabati bilan ish sharoitini yaxshilashni talab qilgan holda ish tashlash e’lon qildi. Bu haqda Business Insider nashri ma’lumotlariga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: EPA

Norozilik namoyishlari Make Amazon Pay (“Amazon’ni to‘lashga majbur eting”) tashabbusi doirasida 70 ta xalqaro kasaba uyushmalari va tashkilotlari bilan koalitsiyada o‘tkazilmoqda. Ular orasida Greenpeace, Oxfam va Amazon Workers International ham bor.

Ta’kidlanishicha, 26-noyabr kuni namoyishlarda “neftni qayta ishlash zavodlari, fabrikalar, omborlar, ma’lumotlarni qayta ishlash bazalari va korporativ ofislar” sohasidagi ishchilar ham ishtirok etadi.

“Pandemiya Amazon foydani o‘z xodimlari, jamiyat va sayyoramizdan ustun qo‘yishini ko‘rsatdi. Amazon juda ko‘p oladi va juda kam beradi. Amazon’ni to‘lashga majbur etish vaqti yetdi”, — deyiladi namoyishlarning bayonotida.

Norozilik namoyishlari xodimlarning kompaniya mehnat shartlariga qo‘shilmasligi, xususan, uzoq ish kuni, mehnatga kam maosh to‘lanishi va samaradorlikni baholashning murakkab tizimlari fonida sodir bo‘lmoqda.

Ishchilar Amazon’dan maoshlarni oshirishni, yaxshi ish xavfsizligi va “Amazon xodimlarga bosim o‘tkazishda foydalangan qattiq samaradorlik hamda kuzatuv rejimini to‘xtatishni” talab qilmoqda.

Amazon namoyishchilar bayonotidagi bir nechta talablarga allaqachon “katta mablag‘” kiritayotganini ma’lum qilgan. Ular orasida, masalan, iqlim borasida talablar ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, dunyoning boy insonlaridan biri hisoblanuvchi Jeff Bezos 5-iyul kuni Amazon rahbari lavozimidan ketdi. Endilikda u boshqa loyihalarga, xususan, Blue Origin kompaniyasiga ko‘proq e’tibor qaratmoqchi. 20-iyul kuni Jeff Bezos koinotda bo‘lib qaytgandi.