• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12910.15
    • RUB159.78
    • EUR14660.77
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Dunyo

    Yo‘llar irqchi, millatchi bo‘lishi mumkinmi? Ha, mumkin. AQShda shunday yo‘llar odamlar hayotiga hamon ta’sir ko‘rsatmoqda

    AQSh transport vaziri Pit Buttijich 8-noyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida uning idorasi avtomagistrallarni qurish sohasidagi irqiy tengsizlikka qarshi kurash uchun 1 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflashini ma’lum qildi. Respublikachilar Buttijichni tanqidlarga ko‘mib tashladi, uni va umuman demokratlarni hatto yo‘llardan ham irqchilik izlarini izlashda ayblab chiqdi. Ammo irqchilik AQShda nafaqat transport, balki shaharsozlik siyosatiga ham chindan katta ta’sir ko‘rsatganini tanqidchilar yo ko‘ra bilmayapti, yoki buni tan olishni xohlamayapti. Amerika siyosati haqida hikoya qiluvchi One Big Union Telegram-kanali muharriri Yan Veselov rasman uzoq yillar avval bekor qilingan irqiy segregatsiya (ajratish) qanday qilib AQSh jamiyatini hamon ajratib tashlashda davom etayotganini haqida Meduza’ga maqola yozdi (“Daryo” esa uning yozganlarini o‘zbek tiliga o‘girdi).

    Kaliforniya shtatining San-Diyego shahridagi yo‘llar ostin-ustun o‘tgan chorraha. 2003-yil, 30-oktabr.

    Kaliforniya shtatining San-Diyego shahridagi yo‘llar ostin-ustun o‘tgan chorraha. 2003-yil, 30-oktabr.
    Foto: Getty Images / Meduza

    Yaqindagina Demokratik partiya praymerizlarida Jo Baydenning raqibi bo‘lgan, keyinchalik uning hukumati tarkibidan o‘rin olgan Pit Buttijich irqchilik va AQSh transport infratuzilmasi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Bu safar u Nyu-Yorkni misol qilib ko‘rsatdi. Buttijichning ta’kidlashicha, bu shaharda hatto ko‘priklar ham shunday qurilganki, toki milliy va irqiy ozchilik vakillari plyajlarga bora olmasin.

    Aslida bu gap Robert Karoning 1975-yili Pulitser mukofotiga loyiq ko‘rilgan “Power Broker” kitobida keltirilgan faktlarga ishora. Ushbu 1300 sahifalik kitob Nyu-York tarixidagi eng qudratli shaxslardan biri, shaharsozlik sohasida ko‘plab lavozimlarda ishlagan Robert Mozesning tarjimai holidir. Karo mazkur kitobida Mozesning hamkasblariga tayanib, uning ashaddiy irqchi bo‘lgani va o‘z qarashlarini shahar loyihalariga ham tatbiq etgani haqida yozadi.

    Xususan, u 1920-yillarda qurilgan va Long-Aylenddagi mashhur plyajlarga olib boruvchi Southern State Parkway xiyobonini misol qilib ko‘rsatadi. Bosh muhandis Sidni Shapironing aytishicha, Mozes xiyobon uzra o‘tadigan ko‘priklarni ularning ostidan avtobuslar o‘ta olmaydigan qilib qurish haqida topshiriq bergan (plyajga avtobuslarda odatda kelib chiqishi afrikalik yoki puerto-rikolik bo‘lgan amerikaliklar kelardi). Mabodo, milliy yo irqiy ozchilik vakillaridan birortasi plyajgacha yetib kelishning uddasidan chiqa olsa, ularga sohilbo‘yining nisbatan ko‘rimsiz va noqulay qismlari ajratilardi.

    Robert Mozes.

    Robert Mozes.
    Foto: Wikimedia Commons

    Karoning kitobida yozilgan tafsilotlarning haqqoniyligi ustida keyinchalik ko‘plab muhokamalar bo‘lgan. Bir guruh munaqqidlar u vaqtlarda ko‘priklarning baland-pastligidan qat’i nazar, avtobuslarning xiyobonlar bo‘ylab harakatlanishi taqiqlanganini aytsa, boshqalari avtobuslar harakatiga ruxsat berilganidan keyin ham o‘sha xiyobondagi yo‘l o‘tkazgichlar haqiqatan ham shahardagi bo‘yi eng past ko‘priklar bo‘lganini ta’kidlaydi. Yuqorida keltirilgan holat AQSh shaharsozligida irqiy ozchilikka salbiy ta’sir ko‘rsatgan ko‘plab misollardan biridir (bu ishlar qasddan qilinganmi yoki yo‘q, bunisi ahamiyatsiz).

    Yo‘llar irqchi (rasist) bo‘lishi mumkin?

    Jamoat transporti uchun o‘ylab topilgan sun’iy to‘siqlardan tashqari Amerika shaharlaridagi avtomobil magistrallari ham irqiy segregatsiyada katta rol o‘ynagan.

    Prezident Duayt Eyzenxauer davrida, 1950-yillarning o‘rtalarida shtatlar o‘rtasida avtomobil trassalarini ommaviy qurish dasturi qabul qilingan. Dastur shartlariga ko‘ra, qurilish xarajatlarining 90 foizi federal markaz tomonidan, qolgan 10 foizi esa shtat g‘aznasidan qoplanardi. Ayni vaqtda yo‘llarni rejalashtirish vakolati ham shtat rahbariyatlari ixtiyorida qoldirilgandi. Dastur amalda bo‘lgan dastlabki 20 yil davomida bir millionga yaqin odam majburiy ko‘chirtirilgan, chunki ularning yashash joylari yo‘l yotqiziladigan hudud sifatida tanlangan edi.

    Taxminlardan biriga ko‘ra, avtostradalarni rejalashtirishda loyiha mualliflari iqtisodiy va siyosiy yo‘qotishlar imkon qadar kam bo‘lishiga intilgan, shu bois yo‘llar eng kambag‘al hududlardan o‘tkazilgan. Bunday hududlarda esa odatda afroamerikaliklar yashardi. Mayamidagi “qora” tumanlar I-95 avtotrassasi uchun, Montgomeri va Birmingemdagilari I-65 va I-85 magistrallari uchun, Yangi Orleandagilari esa I-10 yo‘li uchun qurbon qilingan. Detroytda uchta trassa (I-94, I-96 va I-75) tutashgan joy butun boshli Blek-Bottom tumanining tugatilishiga sabab bo‘lgan. Baltimordagi State Route 40 (xalq tilida “Hech qayerga olib bormaydigan yo‘l” deb ataladi, chunki u yakunda boshqa biror trassa bilan tutashmagan) esa turar joy mavzelari ichidan o‘tib, shaharni ikki — shimoliy va janubiy qismga ajratib qo‘ygan.

    Ba’zida yangi avtomagistrallar qurilishidan “oq” mavzelar ham jabr ko‘rgan. Masalan, Robert Mozes Nyu-Yorkning Bronks tumanida Cross Bronx Expressway’ni yahudiylar yashaydigan Ist-Tremon mavzesidan o‘tkazgan va buning uchun ming kishini ko‘chirtirgan. Indianapolisda I-70 trassasining bir bo‘lagi yahudiylar, italyanlar va nemislar yashaydigan tumanlardan o‘tkazilgan, Bostondagi Central Artery yo‘li esa shahar shimolidagi italiyaliklar makon qilgan hududlarda qurilgan.

    Lekin, zich yashaydigan afroamerikaliklardan farqli o‘laroq, oq tanli shaharliklarda boshqa joyga ko‘chib o‘tish, shuningdek, bo‘lajak qurilishlarga qarshilik ko‘rsatish uchun ham imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgan. Xususan, Nyu-Yorkdagi Soxo va Kichik Italiya mavzelari aholisining noroziliklari Robert Mozesning bu mavzelar ustidan avtomagistral yotqizish rejalarini yo‘qqa chiqargan. Vashingtondagi katta yo‘l qurilishi ham xuddi shunday sabab bilan bekor qilingan, boisi yo‘l nafaqat kambag‘al “qora” mavzelardan, balki boylar yashaydigan “oq” dahalar bo‘ylab ham o‘tishi kerak edi.

    Shu bilan birga, avtomagistrallarning loyihachilari yo‘llarni qurish vaqtida oq tanlilar yashaydigan hududlarni irqiy ozchilik vakillaridan, birinchi galda, afroamerikaliklardan ajratishni ochiqchasiga maqsad qilgan holatlar ham bo‘lgan.

    Pittsburg, Xartford, Tampa, Kanzas-Siti, Sent-Luis, Buffalo, Miluoki va Detroyt kabi shaharlarning xaritalariga nazar solinsa, ulardagi avtomagistrallar, xiyobonli ko‘chalar va temiryo‘llar hozirgi kunda ham shahar mavzelarini irqiy mansublikka ko‘ra ajratib turganiga guvoh bo‘lish mumkin. O‘z vaqtida bu haqda ochiq-oydin gapirishdan ham uyalishmagan. Jorjiya shtati poytaxti Atlantada 1950-yillarda I-20 trassasi qurilganida, shahar meri Bill Xartsfild bu yo‘l shaharning “oq va qora tumanlari o‘rtasidagi chegaraga aylanishi kerak”ligini ta’kidlagandi.

    Atlanta (Jorjiya shtati)dagi I-20 federal yo‘lining ko‘rinishi. 1997-yil.

    Atlanta (Jorjiya shtati)dagi I-20 federal yo‘lining ko‘rinishi. 1997-yil.
    Foto: Getty Images / Meduza

    Richmond (Virjiniya shtati)dagi Jekson-Uord tumani. 1933-yil.

    Richmond (Virjiniya shtati)dagi Jekson-Uord tumani. 1933-yil.
    Foto: AQSh Kongressi kutubxonasi / Meduza

    Yo‘l qurilishlari nafaqat getto sifatida ko‘rilgan, balki iqtisodiy farovon “qora” mavzelarning ham yo‘q qilinishiga sabab bo‘lgan, bunday misollar ham kam emas. Richmonddagi o‘ziga to‘q, xalq orasida “Janubiy Garlem” deb atalgan Jekson-Uord tumani I-95 trassasi sabab yo‘q qilingan edi. Xuddi shunday qurilish sabab Shimoliy Karolinadagi Daremning “Janubning Uoll-striti” deb ta’riflanadigan mavzesi jabr ko‘rgan. Los-Anjelesda o‘rta sinfga mansub qora tanlilar yashaydigan Shuga-Xill tumani bo‘ylab katta yo‘l o‘tkazilgan edi.

    Jamoat transportidagi jamoat irqchiligi

    Infratuzilma orqali yaratilgan irqiy segregatsiyani yengib o‘tish uchun an’anaviy tarzda jamoat transportiga tayanilgan, boisi shaxsiy avtomobili yo‘q odamlarning harakat erkinligini ta’minlashda bundan yaxshi ko‘makchi yo‘q hisob. Konservativ siyosatchilar ham buni yaxshi bilgan holda, jamoat transportining taraqqiyotini imkon qadar to‘siq qo‘yishga intilgan — chunki hozir ham afroamerikaliklar jamoat transportidan oq tanlilarga nisbatan olti barobar ko‘proq foydalanadi. Shunga qaramay, qora tanlilar uzoq vaqt davomida avtobuslar, poyezdlar va boshqa transport vositalarida irqiy segregatsiyadan aziyat chekkan.

    AQShda transportni federal moliyalashtirish odatda 80/20 formulasi asosida amalga oshiriladi: xarajatlarning 80 foizi avtomagistrallarga, qolgan 20 foizi esa jamoat transportiga yo‘naltiriladi. Shu bois jamoat transporti bilan bog‘liq xarajatlarning katta qismi mahalliy ma’muriyat yelkasiga tushadi. Ular esa, o‘z navbatida, bu masalada ko‘pincha siyosiy va irqiy sabablardan kelib chiqib, sustkashlikka yo‘l qo‘yadi.

    Karo nomi yuqorida zikr etilgan “Power Broker” kitobida yozishicha, Nyu-Yorkda bir qator park va xiyobonlarni qurgan Robert Mozes ularga irqiy ozchilik vakillarining kirishini qasddan cheklashga harakat qilgan. U bu maqsadiga bir necha yo‘llar bilan erishgan: masalan, avtobuslar bunday parklar hududiga kirishi uchun maxsus ruxsatnoma olishi belgilangan, biroq “qora” mavzelarda ishlaydigan avtobus yo‘nalishlarining shu kabi ruxsatnomalarni olish imkoniyati juda past bo‘lgan.

    Bruklindagi avtobus yo‘lovchilari, Nyu-York. 1962-yil.

    Bruklindagi avtobus yo‘lovchilari, Nyu-York. 1962-yil.
    Foto: Getty Images / Meduza

    Bunday qarashlar va bunday ishlar uzoq tarixda, o‘sha davrning ajabtovur siyosatchilari bilan birga qolib ketgan, deb o‘ylash xato. Atlantaga qo‘shni okruglar shahar ostonasidagi chekka hududlarni shahar markazi bilan bog‘laydigan temiryo‘lni rivojlantirishga uch marta (1971, 1990 va 2019-yillarda) qarshi ovoz bergan. Bunda eng asosiy to‘siq sifatida “agar shaharning farovon chekka hududlariga jamoat transporti qo‘yilsa, bu yerlarni kambag‘al qora tanlilar bosib ketadi”, degan qo‘rquvga asoslangan fikr ko‘rsatiladi. Baltimorda ham shunga o‘xshash vaziyat — u yerda respublikachi-gubernator Larri Hogan Red Line elektrichkasining uzaytirilishini taxminan shunday fikr asosida to‘xtatib qo‘ygan.

    Turar joylar bo‘yicha irqiy segregatsiya

    Avtomagistrallar shahar mavzelarini irqiy tamoyil asosida bo‘lib tashlaganidan tashqari, shahar tashqarisida ommaviy xususiy uy-joy qurilishini ham tezlashtirib yubordi, oq tanli aholi esa shunday uylarga intila boshladi.

    Hukumat 1930-yillarda uy egalariga ko‘mak ko‘rsatuvchi ikki dastur — ipoteka kreditlari bilan shug‘ullanuvchi Federal uy-joy ma’muriyati (FHA) hamda muammoli qarzlarni qayta moliyalashtiruvchi Uy egalarining qarz korporatsiyasi (HOLC)ni ishga tushirdi.

    HOLC zonalarga bo‘lingan va har bir zonasi kredit reytinglariga ega xaritalarni ishlab chiqdi. Bu jarayon redlayning (redlining) deb ataladi, chunki bunda eng past reytingli hududlar qizil rang bilan ajratiladi. Aynan “qora” hududlarga eng past reyting qo‘yilishi sababli redlayning an’anaviy tarzda afroamerikaliklarga nisbatan tahqirlovchi mazmundagi jarayonga aylandi. Masalan, Detroyt shimolidagi shunday (qizil) mavze uzunligi qariyb 13 kilometr bo‘lgan devor bilan o‘rab ham chiqilgan, chunki uning shundoqqina yonida oq tanli aholi uchun mo‘ljallangan, kredit reytingi yaxshi bo‘lgan mavze joylashgandi (ammo yaqinda olib borilgan tadqiqotlar bu nazariyaning asosli ekanini shubha ostiga olmoqda).

    Irqiy kovenant deb nomlangan boshqa bir chora ham bor edi. XX asrning boshlarida dastlab janubiy shtatlarda paydo bo‘lgan, keyinchalik butun mamlakatga yoyilgan bu amaliyotga ko‘ra, uyni sotib olgan xaridor uni ma’lum bir nasabdagi odamlarga sotishi mumkin emasdi. Ko‘pincha bunday uylarni nafaqat afroamerikaliklarga, balki yahudiylarga, lotin amerikaliklarga va hokazolarga ham sotish taqiqlanardi.

    Avvalboshdan bu pastdan, xalqdan chiqqan, asosan janubiy shtatlarda tarqalgan chora edi. Biroq 1930-yillarda Federal uy-joy ma’muriyati federal kreditlarga da’vogar barcha turar-joy loyihalarida irqiy kovenantlar ham nazarda tutilishini talab qila boshlagach, bu amaliyot ommalashib ketgan. U 1948-yilda AQSh Oliy sudi tomonidan konstitutsiyaga zid deb tan olingan, shunga qaramay 1970-yillarning boshigacha — Kongress turar-joy sohasida irqiy kamsistishni taqiqlovchi Fair Housing Act qonunini qabul qilmagunicha, qo‘llanavergan.

    Zonalashtirish to‘g‘risidagi qonunlar ham segregatsiyani kuchaytirgan. XX asrning boshlarida bir qator shaharlarning rasmiylari mavzelarni ochiqchasiga irqiy tamoyil asosida zonalarga bo‘lib chiqqan. 1971-yili Oliy sud bu kabi choralarni konstitutsiyaga zid deb topgan, shunga qaramay zonalashtirish to‘g‘risidagi qonunlardan — nisbatan beozorroq ifodalarni qo‘llagan holda — foydalanishda davom etilaverdi. Bunda gap, avvalo, istisno tariqasidagi zonalashtirish haqida bormoqda: masalan, shaharning ayrim mavze va tumanlari faqat xususiy uy-joy qurishga mos, deb tan olinadi, ya’ni bu hududlarda odatda irqiy va milliy ozchilik vakillari yashaydigan hamda bir necha oilaga mo‘ljallangan xamyonbop kottejlar yoki ko‘p xonadonli arzon uylarni qurib bo‘lmaydi.

    Bunday zonalashtirishning “qo‘riqlash” funksiyasi birinchi galda shu kabi tumanlardagi uy-joylarning narxi yuqoriligi bilan ta’minlanadi. Yaqinda o‘tkazilgan bir tadqiqot bunday yondashuv haqiqatan ham ish berishini tasdiqlagan: 1970-yillardan 1990-yillargacha turar-joy sohasida irqiy segregatsiya qisqargan, biroq keyinchalik yana ko‘paya borgan. Tarixda bo‘lgan va hozir ham qo‘llanilayotgan boshqa irqiy tahqirlovchi choralar haqida Richard Rotshteynning “Color of Law” kitobidan bilib olish mumkin.

    Maktab okruglari bo‘yicha segregatsiya

    Amerika davlat maktablarida, ayniqsa janubiy shtatlardagi o‘quv muassasalarida “ajratilgan, lekin teng” doktrinasiga muvofiq uzoq vaqt davomida irqiy segregatsiya saqlanib qolgan. Bu amaliyot davlat maktablariga nisbatan faqat 1954-yilda, xususiy maktablarga nisbatan esa 1976-yilda aksilkonstitutsiyaviy deb topilgan.

    Sud ijrochilari olti yoshli Rubi Bridjesga hamrohlik qilmoqda. U Luiziana shtati maktablarida irqiy segregatsiya bekor qilingach, Yangi Orlean shahridagi maktabning birinchi qora tanli o‘quvchisiga aylangan edi. Oq tanli o‘quvchilarning bundan norozi ota-onalari o‘z farzandlarini maktabdan olib keta boshlagan. 1960-yil, 1-noyabr.

    Sud ijrochilari olti yoshli Rubi Bridjesga hamrohlik qilmoqda. U Luiziana shtati maktablarida irqiy segregatsiya bekor qilingach, Yangi Orlean shahridagi maktabning birinchi qora tanli o‘quvchisiga aylangan edi. Oq tanli o‘quvchilarning bundan norozi ota-onalari o‘z farzandlarini maktabdan olib keta boshlagan. 1960-yil, 1-noyabr.
    Foto: Associated Press / Meduza

    Ammo, turar joy sohasida bo‘lgani kabi, ta’limda ham — 1960 va 1970-yillarda kuzatilgan kichik desegregatsiya davrini inobatga olmasa — oq va qora tanli o‘quvchilar yildan yilga bir-biridan ajratilgan, alohida maktablarda o‘qishi odatiy holga aylangan. Bu jarayonlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Irqiy ozchilik vakillarining o‘ziga xos anklavlarga “qamab qo‘yish” hamda uy egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha federal dastur (bundan, birinchi galda, oq tanli aholi manfaat ko‘rgan) bilan hamohinglikda amalga oshirilgan avtomagistrallarni qurish loyihalari va yana boshqa bir qator omillar oq tanli aholining shahardan shahar tashqarisiga ko‘chishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda oq va qora tanli aholi va o‘quvchilar iqtisodiy notenglik va zonalashtirish to‘g‘risidagi qonunlar bilan quvvatlantirilgan noteng uy-joy narxlari sabab bir-biridan jismoniy ajratilgan.

    Ushbu masalaning yana bir jihati borki, AQShda maktablar munitsipaletit (mahalliy ma’muriyat)lar tomonidan mahalliy soliqlar hisobiga moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, u yerda o‘z o‘zini boshqaruvchi maktab okruglari mavjud. Shaharlardan ko‘chib chiqarkan, boyroq oq tanli aholi soliq to‘lovlarini ham o‘zi bilan “olib ketadi” va bu soliqlar shahar tashqarisidagi maktab okruglari hisobiga borib tushadi. Byudjetlari qisqara boshlagan shahar maktablarida esa ta’lim sifati pasayadi. Bu narsa, avvalo, shaharlarda qolayotgan irqiy ozchilik vakillariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: ular orasida maktabni tugatmaganlar ko‘proq, standartlashtirilgan testlarda ular oladigan baholar pastroq. Bu jihatning ochiq-oydin oqibatlari sifatida esa ishsizlik va jinoyatchilikning nisbatan yuqori darajasi, shuningdek, daromadlar pastligi va umumiy mulkning kamligini ham ko‘rsatish mumkin.

    * * *

    AQShda irqiy segregatsiyaga doir qonunlar allaqachon bekor qilingan bo‘lsa-da, ular keltirib chiqargan oqibatlarni hamon his qilish mumkin. Asoslari aynan ochiq irqiy kamsitish davrida solingan transport infratuzilmasi, jamoat transporti tizimi, maktab okruglari va turar joy mavzelari Amerikaning ko‘plab shaharlaridagi aholining kechmishini belgilashda davom etmoqda.

    Odatiy boshpanasi avtomagistrallar qurilishi vaqtida buzib tashlangan afroamerikaliklar hayot sifati past bo‘lgan kichik mavzelarda qamalib, redlayning, irqiy kovenant va boshqa tahqirlovchi choralar sabab u yerlardan ketolmay qolgan. Boshqa joylardan ish izlash imkonini beruvchi jamoat transporti rivojlantirilmagani oqibatida ular nisbatan farovon tumanlardan uzilib qolgan. Ishsizlik va ta’lim sifatining pasayishi jinoyatchilikning o‘sishiga va “qora” hududlarning battar gettoga aylanishiga olib kelgan.

    Shu bois transport vaziri Buttijichning bayonotini nafaqat zamonga hamnafas ramziy qadam o‘laroq, balki ko‘p yillik adolatsizlikni barham berishga chorlov sifatida qabul qilsa arziydi.

    21.11.2021, 23:46   Izoh (0)   38038
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Liviya sohillari yaqinida 75 dan ortiq muhojir cho‘kib ketdi

    21.11.2021, 22:46

    Bayden tarafdorlariga 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchiligini ma’lum qildi

    21.11.2021, 20:05

    Misrda qum bo‘roni va kuchli yog‘ingarchilik yuz berdi (video)

    21.11.2021, 18:12

    “Putin G‘arb bilan shaxmat o‘ynamoqda” — Ukraina mudofaa vaziri

    21.11.2021, 15:10

    Moskvada bloger Said Gubdenskiy boshqaruvidagi mashina YTHga uchradi. Bloger voqea joyida, uning hamrohi shifoxonada vafot etdi

    21.11.2021, 12:45

    “Biz slavyanlarmiz. Bizning yuragimiz bor”. Lukashenko belarus kuch tuzilmalari migrantlarning chegarani kesib o‘tishida yordam berganini istisno etmadi

    20.11.2021, 21:53
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Siberian Wellness — O‘zbekistonda 15 yil


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Moliyaviy savodxonlik maktab ostonasidan boshlanadi


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    Uklonda taksi haydovchilari uchun katta tadbir o‘tkazildi!


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    Mobiuz “MazzaFest”da yangi “Mazza” va “Mazza 2.0” tarif rejalarini taqdim etadi


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Fazoviy poyganing boshlanishi — Gagarinning parvozi yolg‘on bo‘lganmi?

    6 may, 18:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Hindistonlik instabloger sahifasidagi folloverlari soni kamaygani tufayli o‘z joniga qasd qildi

    Layfstayl | 10 may, 23:30

    O‘zbekistonda bir yilda tadqiqotlar uchun qancha pul ajratilgani ma’lum qilindi

    O‘zbekiston | 10 may, 23:10

    O‘zbekiston va Rossiya harbiy hamkorlik rejasini imzoladi

    O‘zbekiston | 10 may, 22:45

    Superliga. “Paxtakor” Toshkentda “Buxoro”ni tor-mor etdi

    Sport | 10 may, 22:27

    Dunyoga mashhur videobloger Mr Beast o‘zbek tilini biladigan koordinator izlamoqda

    O‘zbekiston | 10 may, 22:25

    Yulduzlardan ko‘proq topadi: Zendaya, Beyonse va Rianna stilistlarining gonorari qancha?

    Layfstayl | 10 may, 22:15
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.