Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati Kobulda bir necha o‘n yillar davomida faoliyat yuritib kelgan tarixiy “Ariana” kinoteatrini yopishga qaror qildi. Bu haqda Los Angeles Times xabar berdi.

Foto: AP Photo

Nashrning yozishicha, “Tolibon” hind, Yevropa va Amerika filmlari ko‘proq namoyish etiladigan kinoteatrlarning ishi shariat qonunlariga zid, degan xulosaga kelgan.

Kinoteatr xodimlari uning qayta ochilishiga umid qilib ishga borishda davom etmoqda, ammo ular ko‘ngilochar filmlarni namoyish etishga ruxsat beriladi, deb o‘ylamaydi. Qayd etilishicha, harakat vakillari shahardagi yana bir qancha kinoteatrlarni ham yopgan.

Avvalroq Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrullo Saloh “Tolibon” jangarilarini Nangarhor viloyatidagi to‘y marosimida musiqa ovozini o‘chirish uchun 13 kishini o‘ldirganlikda ayblagandi. Afghan Voice Agency ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 29-oktabr kuni“Tolibon” jangarilari to‘yda jonli musiqa yangragani uchun marosim ishtirokchilariga qarata o‘t ochgan.

Oktabr oyi boshida “Tolibon” tomonidan tashkil etilgan Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligi mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish uchun qoidalar o‘rnatgandi, ulardan biri marosim paytida jonli musiqa ijro etilishini taqiqlaydi.

Shuningdek, toliblar Afg‘onistonda “shariatga amal qilinishini ta’minlash”, “diniy qoidalarni bajarish” va “ijtimoiy islohotlar” bilan shug‘ullanuvchi harbiy tribunal tuzgan.