Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani Oqtosh qishlog‘i hududida 53 tup ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy kesilgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tumani inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida hududda o‘sish holatida bo‘lgan jami 56 tup, shundan, 53 tup shumtol, 2 tup baqaterak, 1 tup qizil do‘lana daraxtlari noqonuniy ravishda kesilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan xolis guvohlar ishtirokida belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Ta’kidlanishicha, noma’lum shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari natijasida o‘simlik dunyosiga 288 million 792 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

“Holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi”, — deyiladi munosabatda.

O‘z navbatida Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur daraxtlarning noqonuniy kesilgani holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Yig‘ilishda 10-dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish va yetkazib berish vazifasi qo‘yilgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Turkiya yangi dunyo tartibining markazida bo‘lishi kerak” — Erdo‘g‘on
Mahalliy
Andijonda 41 kishi jarohatlangan avtohalokat qurbonlari soni 4 nafarga yetdi
Mahalliy
O‘zbekistonda pomidor narxi barqarorlashdi