Toshkent viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul mansabdorlarning o‘zi tabiatga zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda AOKAdagi brifingda Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori O‘ktam O‘tayev ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Atrof-muhitni muhofaza qilish Bekobod shahar inspeksiyasi inspektori lavozimida ishlab kelgan H. o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, Bekobod tumanidagi 51 tup qayrag‘och daraxtini qonunga xilof ravishda kesib, o‘simlik dunyosiga juda katta miqdorda zarar yetkazgan.
Shunigdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Bekobod davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari S. va boshqalar tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining ruxsatisiz “Shirinsoy” o‘rmon fondi yer maydonidagi ko‘p yillik 241 tup daraxt noqonuniy kesilib, tabiatga zarar yetkazgan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.