Ohangaron yo‘lida tezlikni oshirgan Qirg‘iziston mashinasining jarimasi inspektorning e’tiborsizligi tufayli Toshkentdagi Trailblazer egasiga yuborildi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 31-avgust kuni soat 22:58 da Qirg‘izistonga tegishli, davlat raqami 01 KG 737 AHA bo‘lgan avtomobil Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 163-166 kilometrlari oralig‘ida 70 kilometr/soat tezlik chegaralangan joyda 86 kilometr/soat tezlikda harakatlangani foto-video moslamasi orqali aniqlangan.
Toshkent viloyati IIBB YHXB inspektori tomonidan huquqbuzarlik yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi) 1-qismi bilan 245 ming so‘m jarima solish to‘g‘risida chiqarilgan qaror yuqorida ko‘rsatilgan avtomobilga emas, balki Toshkent shahridagi MChJga tegishli, davlat raqami 01 737 AHA bo‘lgan Trailblazer’ga rasmiylashtirilgan.
O‘z xizmat vazifasiga e’tiborsizlik bilan yondashib qabul qilingan qaror keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
YHXBB matbuot xizmatining qayd etishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.