Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi 2024-yilda astronavtlarni Oyga yuborish shartnomasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Reuters

“NASA astronavtlarni Oyga yetkazish uchun SpaceX’ni tanladi. SpaceX bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi odamlarni Oyga yetkazish bo‘yicha NASA dasturining rahbari Liza Uotson-Morgan.

Shuningdek, shartnoma uchun o‘tkazilgan tanlovda Dynetics, Blue Origin (Lockheed Martin bilan hamkorlikda), Northrop Grumann va Draper kompaniyalari ishtirok etdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, astronavtlarning xavfsizligini ta’minlash uchun kelajakda ko‘p martalik Starship kemasining sinovlari o‘tkaziladi.

Avvalroq SpaceX kompaniyasi 19-aprel kuni SN15 prototipi dvigatellarining statik yong‘in sinovlari o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi. Kema Texas shtatining janubi-sharqidagi Boka-Chika hududida joylashgan poligon maydoniga o‘rnatilgan. Sinov doirasida kema 10 kilometr balandlikka ko‘tarilishi, so‘ngra dvigatellarni o‘chirib, aerodinamik tormozlash, vertikal holatga qaytish uchun dvigatellarni qayta ishga tushirish va uchirish maydonchasiga muvaffaqiyatli qo‘nishi kerak.

Kemaning avvalgi to‘rtta suborbital sinovlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Ular dvigateldagi texnik muammolar sababli portlab ketgan edi.

2020-yilning sentabr oyida NASA “Artemida” (Artemis) rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kosmik bo‘limga 2024-yilda odamlarni Oyga xavfsiz yuborish vazifasi yuklatiladi.

Avvalroq Perseverance marsoxodi birinchi marta Mars yuzasida “sayr qilgani” haqida xabar berildi. Shuningdek, AQSh Aeronavtika va fazoviy bo‘shliqlarni tadqiq qilish milliy agentligi (NASA) Perseverance roverini Marsga qo‘ndirish vaqtida olingan videoyozuvni e’lon qildi.