Dushanbeda Afg‘oniston Milliy qarshilik frontining ofisi ochildi. Bu haqda Tojikistondagi Afg‘oniston elchixonasiga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.

Afg‘oniston Milliy qarshilik frontining rahbari kichik Ahmad Mas’ud

Foto: TOLO News

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, poytaxtning Ismoil Somoniy tumanida joylashgan idorada ayni damda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ta’mirlashdan so‘ng muassasa jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazadi, unda Tojikistondagi faoliyati dasturi haqida so‘zlab beradi.

Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti ofisining ochilishi haqida avvalroq bir qancha ekspertlar xabar qilgan. Xususan, Rossiya siyosatshunoslar jamiyati tahliliy markazi direktori, Afg‘oniston siyosatini o‘rganish markazi rahbari Andrey Serenko o‘zining Telegram kanalida bu ma’lumotni tasdiqlagan. Bu haqda Tojikistonda istiqomat qilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha boshqa ekspertlar ham gapirgan. Ammo Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi axborot departamenti ularda bunday ma’lumotlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Ayni paytda front rahbari kichik Ahmad Mas’ud qayerda ekani noma’lum. U anchadan beri videomurojaat qilmagan.

“Sezon xamsinov” Telegram kanali Amerika Adliya vazirligi saytidagi tegishli hujjatga tayanib xabar berishicha, Ahmad Mas’ud o‘z vakillarini AQShda lobbi tuzilmasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Xabarga ko‘ra, Milliy qarshilik frotining xalqaro vakolatxonasi “AQShning Afg‘onistondagi yigirma yillik sarmoyalari himoyachisiga aylanish” va mamlakatni “toqatsizlik va terrorizmdan” tozalash niyatida. Mas’udning vakillari Kaliforniyada o‘rnashib, Kongress va Oq uy bilan hamkorlik olib boradi.

Stryk Global Diplomacy kompaniyasining rahbari Robert Strik sentabr oyidagi intervyusida afg‘on qarshilik kuchlari amerikalik lobbichilar orasidan ularga yordam beruvchilarni topganini aytgandi. “Ehtimol, ‘Tolibon’ hudud bo‘yicha ustunlikka egadir, lekin ular aholining ongi va qalbini nazorat qila olmaydi. Hukumatimizdan ‘Tolibon’ni tan olmaslikni so‘rayman”, — dedi Amerika lobbichi firmasining rahbari.

Milliy qarshilik fronti 15-avgustda “Tolibon” Kobul bosib olingandan keyin ham Afg‘oniston shimolini himoya qildi. “Tolibon” sentabr boshida shimoliy hududni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi va o‘z hukumati tarkibini e’lon qildi.