AQSh, Avstraliya va bir qator Yevropa mamlakatlari tergovchilari ishtirokida olib borilgan Dark HunTor maxsus operatsiyasi natijasida qurol va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadigan 150 ga yaqin kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Europol xabar berdi.

Foto: AP Photo

Xususan AQShda 65 kishi, Germaniyada 47, Buyuk Britaniyada 24, Italiyada to‘rt, Niderlandiyada to‘rt, Fransiyada uch, Shveysariyada ikki va Bolgariyada bir kishi hibsga olingan. Ularning deyarli barchasi DarkMarket (qora bozor) platformasining yirik sotuvchilari bo‘lgan.

Dark HunTor operatsiyasi turli maxsus xizmatlar vakillarining hamkorligi natijasidir. Ular orasida FQB, Avstraliya, Germaniya, Fransiya, Italiya va boshqa davlatlarining tergovchilari bor. Operatsiya Avstraliya, Bolgariya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardagi jinoyatchilarni ushlashga qaratilgandi.

“Dark HunTor operatsiyasining aniq maqsadi faqat bitta edi — shu vaqtgacha darknet (internetdagi qora bozor)da yashiringan narkotik moddalar sotuvchilari, xaridorlari va yetkazib beruvchilarini ovlash va ular o‘z mahsulotlarini sotish uchun yangi platforma topa olmaganiga ishonch hosil qilish”, — dedi AQSh bosh prokurori Liza Monako.

Maxsus operatsiya davomida naqd pul va kriptovalyuta shaklidagi 30 million dollardan ortiq mablag‘, 234 kilogramm giyohvandlik vositalari, jumladan 32,5 kilogramm ekstazi va 152 kilogramm amfetamin, shuningdek, 45 dona o‘qotar qurol musodara qilindi.

Xalqaro tekshiruv Germaniya huquq-tartibot idoralari rahbarligida 10 oy davom etdi. “Noqonuniy qurollar, giyohvand moddalar va o‘g‘irlangan kredit karta ma’lumotlarini sotish bilan bog‘liq operatsiyalarning muhim qismi darknetda amalga oshiriladi”, — deydi germaniyalik tergovchilar.

2020-yil sentabr oyida AQSh, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Avstriya va Shvetsiyada darknetda narkotik va qurol sotuvchi 179 kishi hibsga olingandi. Qo‘lga olinganlardan 6,5 million dollardan ortiq miqdordagi naqd pul va virtual valyuta, 500 kilogramm narkotik moddalar, 64 dona o‘qotar qurol musodara qilingan.