O‘zbekistonda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ilk bor uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham qatnashadi. Bu haqda IIV axborot xizmati boshlig‘i Shohrux G‘iyosovga tayanib, UzNews xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 8203 nafar saylovchi ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi saylovchilarning ovoz berishi uchun jami 18 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan.
Mazkur saylov jarayonlarida nomzodlar, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega va ular to‘siqsiz ichkariga qo‘yiladi. “Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi saylovchilarning ovoz berish huquqi to‘liq ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.
Saylov kodeksining 5-moddasiga ko‘ra, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bugungi kunda 22 mingdan ortiq kishi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda. Ulardan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyalarda, 14 mingdan ortig‘i yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgani aytilgan edi.
Izoh (0)