O‘zbekistonda Iqtisodiy o‘sish sur’atlarining jadallashib borishi va narxlarni oshiruvchi omillarning saqlanib qolayotganligi sharoitida yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 10 foizgacha pasaytirish va kelgusida 5 foizlik inflyatsion targetga erishish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Shu yuzasidan Markaziy bank press-reliz taqdim etdi.

Foto: “Daryo”

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

Markaziy bankning qayd etishicha, yil boshidan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashuvi va pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanib borishi hisobiga ichki va tashqi talab dinamikasida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.

2021-yilning yanvar-sentabr oylarida yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,9 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi — 9 foizga, qishloq xo‘jaligi — 4,2 foizga, qurilish ishlari — 4,5 foizga va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar — 5 foizga o‘sdi. Bu davrda aholi daromadlari real hisobda 10,4 foizga oshdi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning ayrim sohalarida iqtisodiy faollikning pandemiyaga qadar bo‘lgan davrdagi darajasigacha tiklanishi uzoqroq muddatni talab etmoqda. Ichki va tashqi turizm, transport xizmatlari, avtomobil ishlab chiqarish (o‘tgan yil 9 oyga nisbatan 32,4 foizga pasaygan) va umumiy ovqatlanish sohalari hali ham 2019-yil darajasiga yetgani yo‘q.

Kelgusida ushbu sohalarda ham iqtisodiy jarayonlarning to‘liq tiklanishi yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Yil davomida moliyaviy rag‘batlantirishlar, xususiy sektorda iqtisodiy jarayonlarning tiklanganligi, asosiy savdo hamkorlardagi makroiqtisodiy vaziyatning muvozanatlashuvi fonida tashqi iqtisodiy aloqalar hajmining oshishi iqtisodiyotda iste’mol talabi tiklanishining asosiy omillaridan bo‘ldi. Iste’mol talabi holatini ko‘rsatuvchi chakana savdo aylanmasi joriy yilning dastlabki 9 oyida real hisobda 9,8 foizga o‘sdi.

Shuningdek, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi yanvar-sentabr oylarida 10,9 foizga o‘sgan bo‘lsa, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmi 18,3 foizga va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foizga ko‘paydi.

Tijorat banklari tomonidan 2021-yilning 9 oyida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga o‘sib, 119,5 trillion so‘mga yetdi. Ushbu davrda aholiga ajratilgan avtokreditlar miqdori 1,6 barobarga, mikroqarzlar — 1,7 barobarga va mikrokreditlar — 2,3 barobarga o‘sdi.

Markaziy bank 2021-yil yakunlari bo‘yicha kredit qo‘yilmalari o‘sishining nominal YaIM hajmi o‘sishiga mutanosib ravishda 16−18 foiz doirasida bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Joriy yilning o‘tgan davrida global iqtisodiy sharoitlarda asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxining sezilarli qimmatlashishi fonida inflyatsion jarayonlarning tezlashishi hamda bunga javoban ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi kuzatilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, jahonda yalpi talabning tezkor sur’atlarda tiklanishi xalqaro energiya bozorida ham narxlarning sezilarli darajada oshishiga olib kelmoqda.

Yanvar-sentabr oylarida eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga o‘sdi. Iqtisodiy faollikning jadallashishi va asosiy iqtisodiy tarmoqlarda ishlab chiqarish jarayonlarining tiklanishi sharoitida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga o‘sdi va pandemiyadan oldingi darajasiga yetdi.

Mamlakatimizga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi joriy yilning 9 oyida 5,7 milliard dollarni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga (4,3 milliard dollar) nisbatan 34,2 foizga, 2019-yilning mos davriga (4,5 milliard dollar) nisbatan esa 29 foizga o‘sdi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlar (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari almashuv kurslarida ham yil boshidan buyon keskin o‘zgarishlar kuzatilmaganligi, real samarali almashuv kursi bo‘yicha tafovutni yuzaga keltirmadi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

2021-yilning sentabr oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya 10,8 foizni tashkil etib, bazaviy ssenariy doirasidagi prognoz ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda, deya qayd etdi Markaziy bank.

2021-yilda umumiy inflyatsiya dinamikasini belgilaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishi bo‘lib, yillik inflyatsiya darajasiga 6,1 foiz bandlik oshiruvchi hissa qo‘shdi.

Sentabr oyi yakunida tarkibiy jihatdan barqaror komponentlardan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlari narxlarining yillik o‘sish sur’atlari mos ravishda 7,7 va 8,8 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

Monetar omillarga ta’sirchan bo‘lgan bazaviy inflyatsiya joriy yilning iyun oyidan boshlab umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllanib, sentabrda yillik 9,2 foizni tashkil qildi va yil boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan 3 foiz bandga pasaydi.

Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, sentabr oyida aholining kelgusi o‘n ikki oylik inflyatsion kutilmalari 15,8 foizgacha va tadbirkorlik subyektlarniki esa -14,7 foizgacha pasaydi. Lekin shu bilan birga, ko‘plab davlatlar qatori bizda ham umumiy inflyatsiyaga nisbatan yuqori darajalarda saqlanib qolmoq

Bu albatta, oziq-ovqat narxlari va yoqilg‘i mahsulotlari narxlari o‘sishining yuqori sur’atlari kuzatilayotganligi bilan izohlanadi. Sentabr oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 14,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, yoqilg‘i mahsulotlari 23,2 foizga o‘sdi. Ushbu guruh mahsulotlari narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyaning pasayish tendensiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan hisoblanadi.

Pul-kredit sharoitlari

Pul-kredit siyosati operatsiyalari bo‘yicha amalga oshirilgan qator o‘zgarishlar va tegishli operatsion choralar hisobiga pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari may-iyul oylaridagi sezilarli pasayishdan so‘ng, avgust oyida 13,0 foizga va sentabrda 13,3 foizga yetib, Markaziy bank foiz koridori doirasida asosiy stavkaga yaqinlashdi.

Shuningdek, foiz koridorining kengaytirilishi sababli pul bozorida banklar faolligining oshishi kuzatilib, avgust oyida jami 8,4 trillion so‘mlik va sentabr oyida 7,6 trillion so‘mlik operatsiyalar amalga oshirildi (iyul oyiga nisbatan mos ravishda 46,6 va 31,3 foizga ko‘p).

Sentabr oyi yakunlari bo‘yicha depozitlarning daromadliligi aholi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha 20,3 foizni, yuridik shaxslar mablag‘lari bo‘yicha esa 15,3 foizni tashkil etdi va 6−8 foizlik real daromadlilik darajasi shakllanmoqda. Aholining inflyatsion kutilmalari asosida hisoblangan real foiz stavkalari ham

3−4 foizlik ijobiy darajada saqlanib qolmoqda.

Bu, o‘z navbatida, o‘tgan 9 oy davomida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar hajmini 29,5 foizga, shu jumladan, jismoniy shaxslar muddatli depozitlarining 51 foizga o‘sishiga xizmat qildi.

Yuqori iqtisodiy faollik va talab hisobiga kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarida yil boshiga nisbatan biroz o‘sish kuzatildi. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari sentabr oyida 21,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha 21,1 foizga teng bo‘ldi.

Prognoz va xatarlar

Umumiy inflyatsiyaning pasayish dinamikasiga o‘tganligi, bazaviy inflyatsiya darajasini prognozlar doirasida shakllanayotganligi va amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari yil so‘ngigacha inflyatsiyaning 10 foizlik prognoziga erishishda qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar o‘sishining yalpi ichki mahsulot nominal hajmi o‘sish sur’atlari doirasida saqlanib qolayotgani, kelgusi oylarda ichki bozordagi narxlarga va milliy valyuta almashuv kursiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmaydi.

Hukumat tomonidan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tashqi bozorlarda narxlar o‘sishining ichki bozordagi narxlar darajasiga o‘tkazma ta’sirlarini minimallashtirish imkoniyatini beradi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib boradi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2021-yil 9-dekabr kuniga belgilangan.