Fitch Ratings agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingi barqaror prognoz bilan “BB-” darajada ekanini tasdiqladi, deb xabar bermoqda Spot. Fitch’ga ko‘ra, bu baho O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchli va zaif tomonlari o‘rtasidagi muvozanatni aks ettiradi.
Bir tomondan, mamlakat barqaror zaxira, yuqori o‘sish sur’atlariga ega, davlat qarzi ham nisbatan past. Boshqa tomondan, inflyatsiya darajasi yuqoriligicha, aholi jon boshiga YaIM pastligicha, institutsional tuzilmalar esa zaifligicha qolmoqda.
Agentlik O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi prognozini qayta ko‘rib chiqdi — 2021-yilda YaIM 6,2 foizga, 2020—2023-yillarda esa 5,7 foizga oshadi. Bu xuddi shunday kredit reytingiga ega bo‘lgan guruh uchun o‘rtacha ko‘rsatkich bo‘lgan 3,7 foizdan yuqori.
Iqtisodiy o‘sishning tiklanishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar moliyaviy siyosat, investitsiyalar va islohotlar bo‘ldi. Bular qishloq xo‘jaligi, qurilish va sanoat sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Biroq Fitch tahlilchilarining qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi davom etayotgani va vaksinatsiya jarayonining sust ketayotgani (sentabr oyiga kelib, vaksina olishi lozim bo‘lgan aholining 16 foizi to‘liq emlangan) iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ta’lim, tibbiyot va davlat investitsiyalariga sarflanayotgan xarajatlar tufayli 2021-yilda budjet taqchilligi YaIMning 5,2 foizini tashkil qiladi, lekin hukumat kutgan 5,5 foizga yetmaydi. 2022-yilda 4,3 foizgacha, 2023-yilda esa 3,8 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Fitch prognoziga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 42 foizini, 2023-yilda esa 44 foizini tashkil qiladi. “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida davlat qarzining YaIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi belgilanayotgani, uning oshib ketishining oldini olish choralari ko‘rilishi nazarda tutilganligi alohida e’tirof etilgan.