Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlaridagi imtihon olish uchun o‘rnatilgan test savollari zamon talabiga javob bermaydi. Bu haqda Oliy Majlis Senati eksperti Nosirjon Zokirov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Nosirjon Zokirovning fikricha, O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va imtihon tizimi izdan chiqqan.

“Ekspert sifatida, instruktorlardan attestatsiya oladigan mutaxassis sifatida shuni aytolamanki, avtomaktab o‘qituvchilaridan ba’zilarining sa’viyasi tushib ketgan. O‘qituvchilar oddiy test savollarini ham ishlay olmaydigan holatlarga guvoh bo‘ldim. Bunday o‘qituvchi qanday qilib o‘quvchiga biron narsa o‘rgatishi mumkin? ‘Ustoz mana buni tushuntirib bering’, desa-yu o‘qituvchi tushuntirib bera olmasa, u qanday o‘qish bo‘ldi?”, — dedi ekspert.

Ekspertning alohida ta’kilashicha, amaldagi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlaridagi imtihon olish uchun o‘rnatilgan test savollari zamon talabiga javob bermaydi.

“Birinchidan, test savolarida noo‘rin — yo‘l harakati qoidalarida mavjud bo‘lmagan savollar bor. Tasavvur qiling, mashg‘ulot o‘tdim: yo‘l harakati qoidalari falon-falon bandi haqida o‘quvchiga gapirdim. O‘quvchi testga tayyorgarlik ko‘ryayotganda men aytgan gapning aksi bo‘lib chiqsa, ‘Ustoz bu nima degan narsa, siz bunaqa deyapsiz, qoidada bunaqa yozilgan’, deb so‘raydi. Shundan keyin o‘quvchida o‘qishga ishonch yo‘qoladi. Ikkinchidan, imtixonlar ishonchli va qattiq tartibda o‘tkazilishi shart. Misol uchun, fransuzlarning ‘Taksi’ degan filmini ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz. O‘sha filmda inspektor haydovchilik guvohnomasini olish uchun sakkiz marta imtihon topshirib ham sinovdan o‘tolmaydi. Shunda uning onasi ‘Sening otang yigirma marta imtihon topshirib ham o‘tolmagan’, deb uni yupatadi. Mana, haqiqiy imtihon qayerda? Agar odam yigirma marta borib ham imtihon topshirolmasa, yaxshi o‘qitadigan maktab qidiradi. Shunda nopok maktablar o‘zidan o‘zi yo‘q bo‘lib, yopilib ketadi”, — dedi Nosirjon Zokirov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir avtomaktabning 75 foiz bitiruvchisi birinchi imtihondan o‘tgan. Bir haftadan keyin o‘zlashtirish darajasi yuz foiz bo‘lgan.

“Bu ishonish qiyin bo‘lgan statistika. Agar o‘quvchi o‘qimagan, amaliy mashqlarni bajarmagan bo‘lsa, u o‘n marta imtihon topshirib ham sinovdan o‘tolmaydi”, — deya imtihon sinovlari haqidagi raqamlarga shubha bildirdi Oliy Majlis Senati eksperti.

Avvalroq O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti rahbari Husan Botirov pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishni so‘raydiganlar borligini aytib o‘tgan edi. Shuningdek, u yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchini o‘qitgan instruktorni jazolash yo‘lga qo‘yilayotgani va bu ish mehnat qonunchiligiga zid emasligini ta’kidlagandi.