O‘zbekistonda koronavirusning o‘rta og‘ir darajasini boshdan kechirayotgan bemorni davolashga davlat budjetidan, taxminan, 1,4 ming dollar sarflanmoqda. Bu haqda Zangiota tumanidagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimovga tayanib, “Podrobno” xabar berdi.
“Har kuni 130—140 nafar bemor shifoxonaga yotqizilmoqda. Afsuski, ularning aksariyati og‘ir ahvolda — bular 60 yoshdan kattalar va surunkali kasalligi bor bemorlar. Vaksina targ‘iboti bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya mamlakatda aprelda boshlangan, ya’ni bizga hamon vaksina olishga imkoni bo‘lgan, lekin turli sabablarga ko‘ra buni amalga oshirmagan insonlar kelishi davom etmoqda”, — deydi Mirazimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yozda kuzatilgan koronavirus to‘lqini delta-shtamm ancha xavfli ekanini ko‘rsatgan, xususan, bolalar uchun ham.
“Koronavirusga chalingan inson kasallikni o‘rta darajada boshidan o‘tkazsa va shifoxonada yotsa, davlat uni davolashga kamida 15 million so‘m sarflaydi. Agar bemor reanimatsiyaga tushsa, xarajatlar og‘irlik darajasiga bog‘liq — 30 million so‘m va undan yuqori. Shu sababli vaksina ancha tejamkor va xavfsiz variant, shuningdek, u pandemiyani tugatishga imkon beradi”, — deya ta’kidlaydi u.
Avvalroq Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida 160 nafarga yaqin bola davolanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)