Navoiyda Laсetti mashinasida 160 kilogramm go‘sht veterinariya-sanitariya talablariga zid ravishda Toshkentga olib ketilayotgani aniqlandi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 8-oktabr kuni Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan “Samarqand” YPX maskanida Buxoro—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan Sh.Sh. boshqaruvidagi Laсetti Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mas’ul xodimlar tomonidan to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv davomida avtomobil yukxonasida 160 kilogramm yirik shoxli qoramol go‘shti veterinariya-sanitariya qoidalari talablariga zid ravishda Toshkentga sotish maqsadida olib ketilayotgani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaroga nisbatan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 109-moddasiga (veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashish uchun mo‘ljallangan transportning poli va idishlar silliq, tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay bo‘lishi, mahsulot sifati va iste’molchilar salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydigan materiallardan yasalgan bo‘lishi kerak. Barcha toifadagi hayvonlar so‘yilganidan so‘ng ularning go‘shti va boshqa mahsulotlari veterinar ekspertizadan o‘tkazilishi shart.