1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Dardning davosini izlaylik
Yaqinda Toshkent davlat universitetining rus tili va adabiyoti fakulteti bitiruvchilariga hozirgi o‘zbek adabiyoti haqida ma’ruza qilishga to‘g‘ri keldi. Gapning ochig‘i, ma’ruza oldidan bir oz hayajonlandim. O‘zingiz o‘ylang: rus tili va adabiyotidan bo‘lg‘usi mutaxassislar o‘zlari o‘qib, yashab turgan joyga mansub yozuvchilarning ijodini, umuman milliy adabiyotni o‘qib, o‘rgansalar do‘stlik, baynalmilalchilik aloqalarining mustahkamlanishiga qulay sharoit tug‘ilmaydimi? Axir oliy o‘quv yurtlaridagina emas, balki o‘rta maktablarda mehnat qilayotgan ilg‘or o‘zbek tilchilari, adabiyotchilari rus adabiyotining “tarjimayi holi”, uning yetakchi namoyandalari ijodi bilan keng tanishgandirlar, shunday ekan, nega respublikamizdagi rus filologlari o‘zbek adabiyotini, uning yirik vakillari asarlarini bilmasliklari kerak?To‘g‘ri, rus filologiyasi fakultetida hozirgi o‘zbek adabiyoti kursining o‘qitilishi muhim yangilik, bundan quvondik, lekin bevosita ishga kirishgan paytimizda hafsalamiz pir bo‘ldi: leksiyalarga talabalarning bor-yo‘g‘i to‘rtdan bir qismi qatnashdi, qatnashganlarning ham ko‘pchiligi respublikamiz maktablarini bitirib, biz bilan birga yashayotganiga qaramasdan birorta o‘zbek adibining nomini aytolmadi, abxaz yozuvchisi Fozil Iskandar o‘zbek adibi bo‘lsa kerak, degan taxminlargacha o‘rtaga tashlandi. Hatto Odil Yoqubov yoki Pirimqul Qodirovning mamlakat miqyosida e’tirof etilgan, taqdirlangan romanlaridan birortasini o‘qigan talaba topilmadi!
Bamisoli bir oila bo‘lib yashayotgan, mehnat qilayotgan xalqlar birinchi galda tillashishga, hamkorlik qilishga majburdir. Biroq, taassufki, so‘zimizning amaliy ishlar bilan mustahkamlanishiga befarq qaraganmiz, nuqul ulug‘ do‘stlik haqida bong urganmiz — oqibatda bir birimizdan uzoqlashganmiz. Shunday ahvol vujudga keldiki, Leninning barcha millatlar teng huquqli, ularning birortasiga imtiyoz berilmasligi darkor, davlatni barcha xalqlar birgalikda boshqarishi kerak, degan fikrlarini go‘yo asosiy dastur sifatida e’tirof etdik-u, aslida o‘zimiz sezib-sezmagan holda rus tili, rus adabiyotiga keng imkoniyatlar yaratdik. Natijada milliy tillar, madaniyatlar, an’analar hayotning barcha sohalaridan asta-sekin siqib chiqarila boshlandi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, rus tili, fani, madaniyatini o‘zlashtirsang oshig‘ing olchi, o‘z ona tilingni, adabiyot va san’atingni bilishing shart emas, degan aqida paydo bo‘ldi. U, albatta, boy an’analarga ega bo‘lgan rus xalqining tili, adabiyoti, madaniyati tajribalarini ijodiy o‘rganish ong-u tafakkurimizni, turmushimizni har tomonlama taraqqiy ettirish uchun bizga suv bilan havodek zarur edi. Busiz chinakam do‘stlik, baynalmilal birlikning yuzaga kelishi mumkin emas. Ammo biz bu hodisaning real zaminiga jiddiy e’tibor bermay faqat tashqi omillargagina tayandik. Ko‘p hollarda esa rus qizi o‘zbek yigitini yoki o‘zbek qizi rus yigitini sevib turmush qursa — mana sizga internatsionalizmning namunasi, deb jar soldik. Bunga qarshi bo‘lganlarni millatchi dedik, qo‘llab-quvvatlaganlarni esa internatsionalist, deb ulug‘ladik. Hatto badiiy asarlarda, kinofilmlarda bunday nikohlarni hozirgi taraqqiyotning markaziy muammosi sifatida talqin etdik.
Aralash nikohlar o‘tmishda, hozirda, bundan keyin ham uchraydi, biroq faqat uni internatsionalizm timsoli deb baholash chalkash tasavvurlarning yuzaga kelishiga ham sabab bo‘ldi. Chunonchi, kimning onasi yo otasi rus bo‘lsa, u chinakam internatsionalist sifatida o‘sish-unish uchun qulay imkoniyatlardan foydalanadi, boshqalarga nisbatan yuksakroq mavqeni egallaydi, degan gapning tug‘ilishiga olib keldi.
Aralash nikohni hech kim inkor etayotgani yo‘q, lekin u qanday sharoitlar taqozosiga ko‘ra yuzaga chiqmasin, baribir birorta xalq, birorta millat ravnaqi, istiqbolining negizini tashkil etolmaydi. Demak, uni sun’iy tarzda targ‘ib qilib ilohiylashtirishga hech bir hojat yo‘q. Har bir xalq, millat o‘zining ma’naviy-ruhiy, jismoniy barkamolligi uchun kurashishga haqli va bu kurash tenglik, erkinlik asosida halollik bilan olib borilishi zarur. Bizning bu jarayonga munosabat bildirayotganimiz boisi ham aralash nikoh rus xalqi, rus tilini ilohiylashtirishga turtki bo‘lganligini aytmoqchimiz. Rus adibi Sergey Baruzdin “Yarim haqiqatmi yo chala oshkoralik?” (“Drujba narodov”, 1988-yil, 12-son) maqolasida masalaga xuddi shu nuqtayi nazardan yondashib, stalincha milliy siyosat natijasida mamlakatimizda ruslar yagona daho xalq darajasiga ko‘tarilgani, boshqa millatlar ularni “og‘amiz” deb ilohiylashtirganini alohida ta’kidlaydi. U keyingi yarim asr mobaynida “ukalar”, “singillar”, ya’ni boshqa millatlarning tili, an’analari har jihatdan kamsitilganini ko‘rsatadi. Xususan, qardosh xalqlar, millatlar asta-sekin bir-birlariga qo‘shilib ketishi orqali ravnaq topadi, kommunizmda esa yagona bir internatsional millat, internatsional til hosil bo‘ladi, degan g‘oya partiyaning programmasiga singdirib yuborilganini oshkora tanqid qiladiki, bunga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q.
To‘g‘ri, Oktabr inqilobi tufayli ijtimoiy erkinlik, ma’naviy ozodlik va tenglikka erishganimizni yetmish yildan buyon alohida faxr-iftixor bilan so‘zlamoqdamiz. Biroq so‘zimiz ko‘pincha amaliy ish, real faoliyatdan ajralib qoldi. Ya’ni tenglik, ozodlik aksar hollarda faqat tilda e’tirof etildi, amalda esa faqat ruslarni, rus tilini bamisoli dog‘siz oydek, dunyodagi yagona quyoshdek tarannum etdik. Badiiy asarlarimizdagi ijobiy qahramonlarning eng saralari, ijobiylari rus kishilari, rahbarlaridan tanlab olindi. Bordi-yu ularning ichidan birorta salbiy shaxs chiqib qolsa, bu rus xalqiga tuhmat, internatsionalizmga xiyonat tarzida qabul qilinardi. Aslida buning hech qanday xiyonat emasligi, aksincha, markscha-lenincha dialektika qonuniga mosligi, hayotning oddiy ko‘rinishi ekanligini ko‘pchilik bilardi. Bilardi-yu, lekin go‘yo rus xalqiga dog‘ tushirib qo‘yamiz, deb cho‘chishardi. Vaholanki, har qanday xalq — u rusmi, o‘zbekmi, yoki gruzinmi, bundan qat’i nazar buyukdir. Shu bilan birga donolaru nodonlar, ulug‘laru mal’unlar, zo‘ravonu olijanoblar har bir xalq orasida bor. Axir bu oddiy haqiqat-ku! Shunga qaramay hayotni bo‘yab-bejab tasvirlayverdik.
Bunday ahvolning kelib chiqishiga, avvalo, stalincha milliy siyosat, ma’muriy buyruqbozlik, shaxsga sig‘inish zamin yaratdi. Ikkinchidan, rus xalqining bizlarga qaraganda har jihatdan rivojlangani, boshqa millatlarning esa qoloqligi ham sabab bo‘ldi. Ilg‘orlar va peshqadamlarga qoloqlarda ham havas, ham hasad bo‘lishi tabiiy, ammo bu narsa haqiqatning yuziga tik qarashga xalaqit beradi. Ya’ni ilg‘orlik va peshqadamlikka ko‘p kuch va vaqt sarflab, muttasil kurashish orqali erishiladi. Bunday riyozat chekib ilg‘orlikka erishishdan ko‘ra o‘zgalarga sig‘inish esa osonroq. Buni kurash deb tasavvur qiluvchilar, ilg‘orlarga tenglashish yo‘li deb o‘z-o‘zini aldovchilar ham topiladi. Topilganda ham ozmuncha emas. Masalan, hozir radio, televideniye yoki gazeta, jurnallarning sahifalarida ayrim byurokrat rahbarlargina emas, bir qancha oddiy ishchilar va dehqonlar, hatto ba’zi ziyolilar hamon hayotimiz farovon, hamma narsa yetarli, inqilobiy qayta qurish, oshkoralik va demokratiyalash jarayonida ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kiritib, turg‘unlik asoratlariga barham berdik, deya dabdababozlik ruhida mulohaza yuritmayaptilarmi?! Bunday mulohazalarni o‘qigach, besh-o‘n bolali oila 70-80 so‘mlik ish haqi bilan baxtiyor turmush kechirayotganiga ishonmay ham ko‘ring-chi?!
To‘g‘ri, to‘rt yildan buyon davom etayotgan qayta qurish Moskva, Leningrad shaharlari va Boltiqbo‘yi respublikalarida muayyan ijobiy natijalarga olib keldi. Bizning respublikamizda ham uyg‘onish, jonlanish boshlandi. Biroq hali chinakam inqilobiy o‘zgarish ro‘y bermaganini ko‘pchilik e’tirof etmoqda. Ayni choqda buyuk poytaxtimizda, inqilob beshigida, Boltiqbo‘yi respublikalarida millatchilikning ifodasi bo‘lgan ayrim noxush, salbiy hodisalar avj olayotganidan ham ko‘z yumolmaymiz. Ammo O‘zbekistonda “so‘l og‘machilik” keng quloch yozayapti, ruslarga, boshqa qardosh xalqlarga dushmanlik ko‘zi bilan qarash ildiz otmoqda, deb jar solishga hech qayday asos yo‘q.
Shunga qaramay ba’zan “Pravda Vostoka” gazetasida o‘zbek tiliga davlat tili huquqi berilsa rus va boshqa xalqlarning tillari chetga surib chiqariladi, internatsionalizmga rahna solinadi, millatchilikning ravnaq topishiga keng yo‘l ochiladi, deb noto‘g‘ri mulohazalar yuritilayotganligi kishini ajablantiradi. Axir rus tilining hayotimiz taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi, uning xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yuzaga chiqaruvchi eng zarur vosita ekanligini hech kim inkor etayotgani yo‘q-ku? Binobarin, rus xalqining ilg‘or madaniyati, texnika, san’at va adabiyot sohasida erishgan yutuqlaridan bahramand bo‘lish uchun, rus xalqining ajoyib vakillari bilan tenglik, erkinlik asosida hamkorlik qilish uchun jonimizni ham ayamaymiz. Masalan, Moskva davlat universiteti professori M. Vsevolodova “Tenghuquqli tillarda gapiramiz” (“Pravda”, 1989-yil, 6-mart) maqolasida “milliy respublikalarning tillariga davlat tili statusi berilishi, meningcha, o‘zini oqlaydigan mantiqan to‘g‘ri qadam bo‘ladi” deb yozdi va biz bundan behad xursandmiz.
Xo‘sh, nima uchun, har bir respublikaning milliy tilini davlat tili deb e’lon qilish ehtiyoji tug‘ilmoqda? Gap shundaki, qardosh xalqlarning tillari, shu jumladan, o‘zbek tili ham Ittifoqimizdagi boshqa milliy tillar singari keng miqyosda rivojlantirilmadi. Aniqrog‘i, rus tilining “soyasi”da qolib, turg‘unlikka, qoloqlikka mahkum etildi. Sergey Baruzdinning yuqorida qayd etilgan maqolasida bu narsa ta’kidlab o‘tilgan. Shu sababli endilikda milliy tillarning, jumladan, o‘zbek tilining ham mavqeyini ko‘tarish, uning har tomonlama ravnaq topishini ta’minlaydigan sog‘lom muhit yaratish zarurati tug‘ildi. Mana shu sog‘lom ijodiy muhitni yaratishning birinchi sharti ona tilimizga davlat tili huquqini berishdir. Bordi-yu, bundan ko‘z yumib, respublikada rus va o‘zbek tillarini davlat tili darajasiga ko‘tarsak, yana ona tilimiz o‘z huquqi va mavqeiga ega bo‘lmasdan o‘sha qoloqligicha, turg‘unligicha qolaveradi. Ona tilimizni chuqurroq o‘rganish, riaojlantirishga zarurat va ehtiyoj yo‘qoladi, uning qo‘llanish miqyosi kengaymaydi, aksincha, torayib, cheklanib boraveradi.)
Yaqin-yaqinlargacha tillar, millatlar rivojlanib, taraqqiy etib, bir-birlariga qo‘shilib ketadi, yagona umumiy til paydo bo‘ladi degan gaplar rag‘batlantirilardi. Bu gaplarning mag‘zini chaqish to‘g‘risida unchalik ham bosh qotirmasdik: axir tillar, millatlar rivojlansa, bir-biriga qo‘shilib ketadimi? Bu qanday rivojlanishki, u bir til yoki millatni ikkinchisiga birlashtirib, qo‘shib yuborsa? Axir bunday “birlashish va qo‘shilish” bir til, bir millatning halokati degan ma’noni anglatadi-ku?!
Bunday targ‘ibot nimalarga olib kelganini ko‘rib, sezib turibmiz. Faqat kichik millatlar va ularning tillarigina emas, katta xalqlarning tillari ham buning jabrini tortdi. Masalan, ukrain yozuvchisi Yavorivskiy bu haqda tashvishlanib mulohaza yuritadi. Uning yozishicha, bugun Ukrainada ona tilini himoya qilish jamiyati tuzilgan. Ukrain tilining ijtimoiy-madaniy jabhalarda, idoralarning ish tartibida rus tiliga “tobe’” bo‘lgani rost. Ammo Yavorivskiy yozganidek, bunda rus tili, rus xalqi aybdor emas, mahalliy byurokrat rahbarlar aybdordir. Rus shoirasi Rimma Kazakova esa nega endi odamlar o‘z tili inqirozga uchrab, jarlik yoqasiga kelib qolganda indamay qo‘l qovushtirib o‘tirishi kerak. Ular bor ovozlari bilan jar solishga haqlidir. Nega endi Gurjistonda, O‘zbekistonda yashayotgan ruslar o‘sha yerdagi milliy xalq tilini bilmaydilar, nega o‘zlashtirmaydilar, deb yozadi.
Gap “Pravda” gazetasining shu yil 3-aprel sonida bosilgan “SSSR — bizning umumiy uyimiz” mavzusidagi davra suhbati haqida ketayapti. Suhbatda ishtirok etgan turli millatga mansub ijodkor ziyolilarning vakillari qardosh xalqlarning ona tiligina emas, balki rus tili ham turg‘unlik asoratidan zarar ko‘rganini ta’kidlaydilar. Shu suhbatda aytilganidek, boshqa qardosh xalqlarning tillari kabi bizning o‘zbek tili ham cheklangan holda ishlatilib o‘zining ko‘p imkoniyatlarini boy berdi. Turg‘unlik yillarining rahbarlari esa eng yuqoridan tortib to quyi bo‘g‘inlargacha faqat nobop yo‘llar bilan “yashirin millioner” bo‘lish uchun kurashdilar. Ularning aksariyati bu kurashda “g‘alaba” qozondilar. Biroq bu “g‘alaba” iqtisodda, siyosatdagina emas, ma’naviyat va madaniyat, jumladan, til sohasida ham katta o‘pirilishlarga zamin hozirladi.
Endilikda bu zaminga darz ketdi. Ammo hali tub burilishlarga erisha olganimiz yo‘q. Negaki, bir yil emas, ikki yil emas, qariyb yarim asrdan buyon o‘sha illatlar ildiz otib keldi, keng ko‘lamda mustahkamlandi. Ularga birdaniga osonlik bilan barham berib bo‘lmaydi, albatta. Vaziyatning murakkabligi, chigalligi shundaki, Stalin davrida shakllangan “ruslashtirish” siyosati hech qachon, hech qayerda rasman tasdiqlangan emas, tasdiqlanishi ham mumkin emasdi. Uni barcha jabhalardagi rahbarlar markscha-lenincha ta’limot talablariga, qonun-qoidalariga mohirona moslashtirib amalga oshirdilar. Bu ishga goh tushunib, goh tushunmasdan yordam berganlar ham bo‘ldi. Masalan, teatr rejissorlariga sahna asarlarini tayyorlashda, repetitsiyalarda yoki kinochilarga badiiy filmlarni suratga olish va ekranga chiqarish jarayonida faqat rus tili qo‘llanilib, o‘zbek tili chetga surib chiqarilsin, deb hech kim rasmiy buyruq bermagan! Rus tilini yaxshi o‘rganib, o‘zlashtirib olgan o‘z rejissorlarimiz o‘z xohishi bilan ona tiliga befarq qaraganlar! Go‘yo shu yo‘l bilan internatsionalist bo‘lamiz, deb o‘ylaganlar. Shu tariqa o‘zbek tilining ruhi, xarakteri, mohiyatini chuqur bilmasdan, his qilmasdan milliy pyesalar va kinofilmlar, raqslar va musiqaviy asarlar, san’at namunalari yaratish ommaviy tus olib ketdi. Oqibatda aksari san’at asarlarimiz milliy ruhdan mosuvo bo‘lganligi tufayli hech yerda durustroq shuhrat qozonolmadi. Albatta, shu o‘rinda bir istisnodan ko‘z yumolmaymiz. Ba’zan zo‘r iste’dod egasi o‘z ona tilida emas, tarixiy, ijtimoiy zarurat taqozosiga ko‘ra boshqa tilda ijod qilib ham yetuk asarlar yozishi, hatto jahon miqyosida shuhrat qozonishi mumkin. Aytaylik, Chingiz Aytmatov. Biroq buyuk qirg‘iz yozuvchisi rus tilida ijod qilib ham o‘z xalqining milliy ruhini bebaho, nodir iste’dodi orqali haqqoniy gavdalantira oldiki, bunga kamdan kam ijodkor erisha oladi.
Gap ijodkorlarning kelib chiqishi, u yoki bu millatga mansubligi haqida emas, balki ular qaysi xalqqa xizmat qilayotgan bo‘lsa, o‘sha xalqning tili va dilini, madaniyati va fanini chuqur idrok eta olishi zarurligi va shu asosda hayot haqiqatini mavjud murakkabliklari bilan gavdalantiradigan teran milliy asarlar, badiiy kashfiyotlar yaratishi to‘g‘risida ketayapti. Bu hayotiy zarurat, davr talabidir.
Yaqinda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Ideologiya komissiyasi mana shu ehtiyojni hisobga olib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish lozim degan xulosaga keldi. Bu o‘ziga xos tarixiy xulosa sifatida baholanmog‘i kerak. Umid qilamizki, bu xulosa respublika Oliy Soveti tomonidan ma’qullanib, qonun tusini oladi. Biroq bu hali ona tilimizning har jihatdan ravnaq topishi masalasi uzil-kesil hal bo‘ldi, degan ma’noni anglatmaydi. Negaki, til taraqqiyoti uchun qulay shart-sharoit, mustahkam zamin yaratilmasa, ijobiy natijalar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilavermaydi. Taniqli rus adibi V. Kondratev “Pravda” gazetasida bosilgan davra suhbatida shu haqda mulohaza yuritib, millatlar va ularning ona tillari, madaniyati, ong-tafakkuri ravnaqiga erishish uchun “ittifoqchi respublikalarning to‘la mustaqilligini ta’minlash, ularga mahalliy hukumat rahbarlik qilishiga erishish lozim”, deb hisoblaydi. U o‘z fikrini davom ettirib: “respublika rahbarlari markazning buyruq-ko‘rsatmalarini bir ovozdan hech qanday e’tirozsiz “labbay” deb qabul qilaversa, bu mahalliy xalqning noroziligini tug‘diradi”, deydi. Bunday norozilikning oldini olish, unga barham berish uchun V. Kondratevning fikricha: “milliy adabiyot va madaniyatning erkin, mustaqil rivojlanishi uchun keng yo‘l ochib berilishi zarur. Va yana shuni unutmaslik lozimki, erkin, mustaqil fikrlaydigan ijodkorlar qanchalik “kaltaklangani”ga, har xil ta’qib-u tazyiqlar, quvg‘inlarga uchraganiga, tuhmatga giriftor qilinganiga qaramasdan hozirgi inqilobiy qayta qurishning ma’naviy zaminini hozirladi”.
Shu davra suhbatining boshqa qatnashchilari esa taniqli rus yozuvchisining fikrlarini davom ettirib til va madaniyatning ravnaq topishi uchun ekologik fojialarga, iqtisoddagi o‘pirilishlarga ham barham berish zarurligi, busiz ma’naviy va ilmiy muammolarni muvaffaqiyatli hal qilish qiyinligi haqida mushohada yuritishgan.
Darhaqiqat, til qanchalik erkin va mustaqil bo‘lmasin, ijtimoiy-ma’naviy va iqtisodiy-ilmiy omillarga suyanmasdan o‘z holicha bor qudratini namoyon qilolmaydi. Avval iqtisod, keyin siyosat degan gap bejiz aytilmagan. Axir paxtakor dehqon, qishloq ahli go‘sht mahsulotlarini o‘rtacha Ittifoq darajasiga qaraganda jon boshiga hisoblaganda qariyb o‘n marta, shaharlar ahli esa uch-to‘rt marta kam iste’mol qilsa, umuman hayotiy zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlanmasa, milliy tilu milliy madaniyat, fan ravnaqi haqida so‘z ochish mumkinmi?!
Ko‘rayapsizmi, dardga chalingan ona tilimizni “davolash” uchun ham iqtisodiy hayotimizni nochorlikdan qutqarishimiz zarur ekan.
Albatta, bir millat vakilining ikkinchi millat tilini, aytaylik, o‘zbekning ruschani yaxshi bilib olishi oson ish emas. Negaki, har bir inson avvalo o‘z ona tilini mukammal o‘rganishga butun umrini sarflaydi. Shunda ham kamdan kam odam bu vazifani yuz foiz o‘rinlatdim, deb ayta oladi. O‘zga tilni o‘rganishga esa bundan ham ko‘p vaqt, sa’y-harakat sarflanishi kerak. Shaxsan o‘zimdan misol oladigan bo‘lsam chorak asrdan osha boshlagan hayotimning qariyb uchdan ikki qismini rus tilini o‘rganishga sarflaganman. Ancha-muncha muvaffaqiyatlarga erishdim, shekilli, ruscha yozgan bir qancha adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalarim markaziy matbuot sahifalarida chop etilayapti. Ruscha erkin muloqotga kirisha olaman, ammo hali bu boy va rang-barang, murakkab rus tilini yaxshi his qilaman, bilaman, deb aytishimga asos bo‘lolmaydi. Hamon rus tili, madaniyati va adabiyotini o‘qib-o‘rganishni muttasil davom ettirayapman. Binobarin, respublikamizda bugun o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilinsa-yu, ertagayoq boshqa millatlar, shu jumladan, rus xalqi vakillari ham birdaniga o‘zbekcha gaplashsin, o‘zbekcha yozsin, shu tilda muomalaga kirishsin, deb talab qilishga hech qanday asos yo‘q. Qolaversa, ruslar o‘zbekchani, o‘zbeklar ruschani bemalol o‘zlashtirishlari uchun kuch-g‘ayrat sarflashlari, til o‘rganish ishiga mehr-muhabbat bilan yondashishlari talab etiladi. Buning uchun esa sog‘lom iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-madaniy shart-sharoitlar vujudga keltirilishi zarur. Chinakam inqilobiy qayta qurish, oshkoralik va demokratiyalash shuni taqozo etadi.
Norboy Xudoyberganov
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1989-yil, 5-may
Izoh (0)