Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 236 854 356 kishiga tenglashdi, shularning 4 836 281 nafari vafot etgan. Shuningdek, jahon bo‘yicha 6,409 milliard dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan.

Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (44,1 million), Hindiston (33,9 million), Braziliya (21,5 million), Buyuk Britaniya (8 million) va Rossiya (7,6 million) yetakchilik qilmoqda.

San-Pauluda COVID-19 qurbonlari xotirasiga memorial ochildi. Braziliyada koronavirus oqibatidagi o‘limlar soni qariyb 600 mingtaga yetdi

Foto: AP Photo

Vaksinatsiya Antarktidagacha yetib bordi

COVID-19 ga qarshi vaksina partiyasi Antarktidaga yetib keldi, bu yerdagi Rotera tadqiqot stansiyasining britaniyalik qutbchilari u bilan emlanadi.

Buyuk Britaniya hukumati Crown Agents xalqaro taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikda Birlashgan Qirollikning barcha aholi yashaydigan dengizorti hududlariga, shu jumladan, Britaniya Antarktika hududiga ham vaksinalarni yetkazib berish majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, vaksinalar Selsiy bo‘yicha 2—8 daraja atrofidagi muayyan haroratga rioya qilingan holda yetkazilgan.

Crown Agents bosh direktori Fergyus Dreyk ta’kidlashicha, tashkilot “Yerning deyarli narigi burchagiga” vaksina olib borgan.

Gorbachyov karantinga yuborildi

SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov koronavirus tufayli shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra karantinda saqlanayotganiga bir oydan oshdi, u kasal emas.

90 yoshli Gorbachyov koronavirus yuqtirishning oldini olish maqsadida Rossiya kasalxonalaridan birida yotibdi.

U 7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni 69 yoshi bilan tabriklab iliq tilaklar bildirgan.

Rossiyada koronavirus oqibatidagi kunlik o‘limlar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

So‘nggi bir kecha-kunduzda Rossiyada COVID-19 dan 936 kishi vafot etdi, bu pandemiya boshidan buyon qayd etilgan eng katta ko‘rsatkichdir. Ketma-ket uch kundan buyon kunlik o‘limlar soni 900 dan oshmoqda (6-oktabr kuni 929, 7-oktabr kuni 924 nafar qurbon haqida xabar berilgan).

O‘lim holatlari eng ko‘p Moskva (71) va Sankt-Peterburgda (61) qayd etildi, ammo bu ko‘rsatkichlar bu yerda yozda kuzatilganlaridan ancha kam. 28-iyun kuni Moskvada 124 bemor vafot etgan, Peterburgdagi eng yomon natija esa bir kun keyin qayd etilgandi (119 ta o‘lim).

Federal tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada pandemiya boshidan buyon jami 214 485 kishi koronavirus oqibatida vafot etgan. “Rosstat” esa joriy yilning aprelidan iyuligacha 367,5 mingga yaqin o‘limni qayd etgan. Muassasa o‘z statistikasiga COVID-19 fonidagi boshqa kasalliklardan vafot etganlarni hamda virus o‘limidan keyin aniqlanganlarni ham kiritadi.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi bir kecha-kunduzda Rossiyada 27 246 kishida virus aniqlangan.

Shuningdek:

  • Hindiston 15-oktabrdan sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochadi. Sayyohlik vizalarini berish qayta boshlanadi. Birinchi bo‘lib mamlakatga charter reyslari bilan kelishni rejalashtirayotganlarga viza beriladi. Ilk 500 ming chet ellik sayyoh bepul viza oladi. Hindiston sayyohlik vizalari berilishini 2020-yil martida koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatib qo‘ygan edi.
  • Finlyandiyada miokard infarkti xavfi haqidagi xabarlar tufayli 30 yoshdan kichik erkaklarni Moderna vaksinasi bilan emlash to‘xtatib qo‘yildi. Bu Shvetsiya, Norvegiya va Daniya bilan birgalikda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida aniqlangan. Avvalroq Shvetsiya va Daniya hukumatlari 1991-yildan keyin tug‘ilgan odamlarni Moderna kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlashni to‘xtatgan edi.
  • Latviyada COVID-19 tufayli sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat e’lon qilindi. Bu davolash muassasalari koronavirus bemorlariga va boshqa bemorlarga o‘tkir kasallanish holatlarida yordam berish uchun o‘z resurslaridan erkinroq foydalanish huquqiga ega bo‘lishini bildiradi.
  • Italiyada COVID-19 tufayli kiritilgan taqiqlar 11-oktabrdan yumshatiladi. Mamlakatda “Yashil ruxsatnomalar” tizimi amal qiladi, ular bo‘yicha aholi madaniyat va sport muassasalariga tashrif buyurishi mumkin. Shu bilan birga, niqob rejimi saqlanib qoladi.