Toshkentdagi bankomatlardan birini buzib, uning ichidan 165 million so‘m o‘g‘irlagan 24 yoshli shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 18-sentabr kuni soat 01:00 larda noma’lum shaxs “Aviasozlar” dahasidagi bankomatlardan birini buzib, unda bo‘lgan pullarni o‘g‘irlab ketgan.
Huquq-tartibot organlari xodimlari ushbu shaxsni ertasi kuni ushlashga muvaffaq bo‘lgan. Aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxs bunga qadar bir necha bor sudlangan. Uning uyida o‘tkazilgan tintuvlar davomida 73 million so‘m topilgan, qolgan pullarni u o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
“Kechqurun ichdim va ko‘chaga chiqdim. Bankomat ko‘rdim, unda pul borligini bilardim. Mashinamda ikkita pichoq bor edi, ochadimikan yoki yo‘q deya pichoqni tiqdim. Ochildi, ikkita ‘yacheyka’ turgan ekan, olib ketdim…”, — deydi gumonlanuvchi.
Holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq Toshkentda 21 yoshli yigit bankomatni buzib, pullarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganida qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)