“Tolibon” tomonidan shakllantirilgan Afg‘oniston hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdulg‘ani Barodar Tojikiston mamlakatning ichki ishlariga aralashayotganini aytdi, deb yozadi “RIA Novosti”.

“Tolibon” razvedkasi maxsus topshiriqli bo‘linmasi a’zolari Kobuldagi harbiy aerodromni qo‘riqlamoqda

Foto: Reuters

“Tojikiston bizning ishlarimizga aralashmoqda, har bir harakatga qarshi harakat bor”, — dedi u Al-Jazeera telekanaliga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasining 76-sessiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Afg‘onistonning inklyuziv hukumatini, jumladan, afg‘onistonlik tojiklarning ishtiroki bilan tuzishga chaqirgandi.

Emomali Rahmon Tojikistonning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmasligini aytib, “bu mamlakatda hukumat tuzilishini referendum orqali, shuningdek, mamlakatning barcha fuqarolari pozitsiyasini hisobga olgan holda aniqlashni” taklif qildi.

Tojikiston prezidenti avval ham Afg‘onistonda ushbu mamlakatdagi tojiklar jamoatchiligi ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishni taklif qilgandi.

7-sentabr kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumatining yangi tarkibini e’lon qilgandi. Muhammad Hasan Ohund “Tolibon” tuzgan yangi hukumatning rahbari bo‘ldi. Mulla Abdul G‘ani Barodar bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi. “Haqqoniy tarmog‘i” guruhi asoschisining o‘g‘li Sirojiddin Haqqoniy esa ichki ishlar vaziri lavozimini egalladi. “Tolibon” asoschilaridan birining o‘g‘li Umar Yoqub mudofaa vaziri bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibidan xavotir bildirdi. Ittifoq fikricha, “Tolibon” inklyuziv hukumat tuzish haqidagi va’dasini bajara olmagan.