Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44
15-avgustdan buyon “Tolibon” hukmronligi ostida bo‘lib kelayotgan Afg‘onistonda so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan yangiliklar — “Daryo” dayjestida.

Kun yangiliklari

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

“Tolibon” harakati 31-avgustdan keyin Kobuldan evakuatsiya qilishni taqiqlaydi. Bu haqda tashkilotning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi. Uning aytishicha, G‘arb mamlakatlarida o‘z fuqarolarini olib ketish uchun yetarlicha vaqt bor. Avvalroq “Tolibon” AQSh va Buyuk Britaniyani 31-avgustgacha Kobuldan o‘z harbiylari va ittifoqchilarini olib ketmasa, buning “oqibatlari” bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.

Shuningdek, “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarini Kobul aeroportiga kiritmay qo‘ydi, endi aeroportga faqat chet elliklar kirishi mumkin. “Tolibon” Afg‘oniston fuqarolarining poytaxt aeroportiga borishiga ortiq ruxsat bermaydi, bunga aeroportdagi tartibsiz vaziyat sabab bo‘lmoqda. Mujohidning aytishicha, aeroport hududida to‘plangan afg‘onlar uylariga qaytishi kerak, ularga hech kim tahdid qilmaydi.

Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Mujohidning aytishicha, “Tolibon” AQShdan afg‘onlarni o‘z mamlakatini tark etishga undamaslikni so‘ramoqda, chunki harakat “ularning iste’dodlariga muhtoj”.

Kun voqealari

“Katta yettilik” (G7) mamlakatlari “Tolibon” hukumatini qanday shart bilan tan olishini ma’lum qildi. “Bo‘lg‘usi hukumatning qonuniyligi u xalqaro majburiyatlarini va Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga qanday yondashishiga bog‘liq bo‘ladi”, — deyiladi bayonotda.

G7 yetakchilari virtual uchrashuv yakunlari bo‘yicha Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan “Tolibon” harakatiga murojaat qildi. Bayonot 24-avgust kuni Buyuk Britaniya hukumati tomonidan e’lon qilindi.

AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Britaniya, Kanada va Yevroittifoq yetakchilari Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi, shuningdek, afg‘onistonlik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash niyatini bildirdi hamda afg‘onistonlik sheriklarini mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan intilishlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, G7 “Tolibon”ni terrorizm, inson huquqlari, xususan, ayollar va ozchiliklar huquqlari buzilishiga qarshi kurash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik uchun javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Bu orada Jahon banki Afg‘onistonga yordam dasturini muzlatib qo‘ydi. Bank tomonidan 24-avgust kuni e’lon qilingan xabarda qayd etilishicha, u hukumati Jahon bankiga a’zo bo‘lgan 189 ta davlatning hammasi tomonidan qonuniy deb tan olinmagan mamlakatga mablag‘ ajratish huquqiga ega emas.

Kun iqtibosi

“Biz jangni to‘xtatmoqchi emasmiz. Bu yerda, Panjsherda hammasi endi boshlanyapti… Taslim bo‘lish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, — dedi Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti yetakchisi Ahmad Mas’ud Paris Match nashriga bergan intervyusida. U “Tolibon” tomonidan tarqatilgan, go‘yoki, Panjsherdagi darada ular qurshovga olingani haqidagi xabarni yolg‘on deb atadi.

Ayni paytda Mas’ud “Tolibon” bilan muzokaralar olib borish ehtimolini ham istisno qilmadi. “Muzokaralarni o‘tkazish mumkin. Hamma urushlar chog‘ida muzokaralar olib boriladi. Ammo taslim bo‘lish — umuman boshqa narsa. Yana bir marta qaytarib aytaman: men ham, menga bo‘ysunuvchi komandirlar ham taslim bo‘lmoqchi emasmiz”, — deya ta’kidladi u.

Mas’ud AQSh hukumatini qurol berib, uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun tanqid qildi. “Sakkiz kungina avval men qurol so‘raganlarning tarixiy xatosini unuta olmayapman. Rad javobi oldim. Bu qurollar — Amerikada ishlab chiqarilgan artilleriya, vertolyotlar, tanklar endi ‘Tolibon’ qo‘lida”, — dedi u.

Shu bilan birga, u Afg‘oniston hukumatining tezkorlik bilan qulashiga to‘rtta sabab keltirdi. “Bu shunchalik tez sodir bo‘lishining sabablari — korrupsiya, xudbinlik siyosati hamda ular va xalq o‘rtasidagi ulkan, vayronkor jarlik. Yana bitta sabab shundan iboratki, afg‘on armiyasi Amerikaning shartnoma asosidagi askarlari va uning ko‘magiga shunchalik uzoq vaqt davomida bog‘liq bo‘lib kelganki, busiz u faoliyat yurita olmay qolgan”, — dedi Mas’ud.

Kun raqami

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images
600 million yevro miqdorida gumanitar yordam ajratish niyatini Germaniya ma’lum qildi. Dastlab favqulodda vaziyatda gumanitar yordam sifatida 100 million yevro taqdim etiladi, keyinroq esa yana 500 million yevro ajratiladi, dedi Germaniya kansleri Angela Merkel G7 vakillari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha.

Kun taklifi

Foto: Anadolu Agency

Foto: Anadolu Agency

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘onistonda ushbu mamlakatdagi tojiklar jamoatchiligi ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishni taklif qildi. Bu haqda u 25-avgust, chorshanba kuni Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan Dushanbeda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Tojikiston tomoni qayd etishicha, qo‘shni mamlakatda xavfsizlik borasidagi siyosiy muammolarni zudlik bilan hal qilish uchun barcha milliy ozchiliklar, ayniqsa Afg‘onistondagi tojiklar ishtirokida inklyuziv hukumat tuzish zarur. Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston aholisining 46 foizdan ortig‘ini tojiklar tashkil qiladi.

Kun fotosi

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Ushbu surat 2021-yil 24-avgustida Amerikaning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy bazasida olingan. Suratdagi bolalar Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan. Ularning qarshisida esa amerikalik askar ukulele chalib bermoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati