Toshkent viloyati Parkent tumanida “Jiguli” piyodani urib ketib, voqea joyidan yashiringan. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIBB axborot xizmati xabar qildi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Qayd etilishicha, 2021-yilning 14-sentabr soat 22:00 larda Toshkent viloyati Parkent tumani Shampan qishlog‘idan o‘tgan avtomobil yo‘lidan harakatlanib kelayotgan noma’lum haydovchi piyoda — 1959-yilda Parkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.N.ni urib yuborib, hodisa joyidan noma’lum tarafga yashiringan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda M.N. olgan tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.

Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimlari va Parkent tumani IIB YHXB qidiruv va surishtiruv inspektori serjant J.Ashrapov tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu yo‘l transport hodisasini 1982-yilda tug‘ilgan Parkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.N. tomonidan “VAZ 2105” rusumli avtomobilda mast holda boshqarib sodir etgani aniqlandi.

Hozirda “VAZ 2105” haydovchisiga nisbatan jinoyat kodeksining 266- (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117- (xavf ostida qoldirish) moddalariga asosan jinoyat ishi ochilib, fuqaro J.N. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.