Andijon viloyatining Andijon tumanida 22-sentabr kuni avtohalokatga uchragan Tracker’da 3 nafar talaba yigit vafot etdi, yana bir kishi tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Foto: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 22-sentabr kuni soat 02:30 larda 21 yoshli haydovchi A.A. boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan Tracker avtomashinasini Andijon tumani “Jahonobod” MFY hududida haydab ketayotib boshqaruvni yo‘qotgan va Bog‘ishamol aylanma harakatining beton to‘sig‘iga urilgan. Oqibatda haydovchi hodisa joyida vafot etgan.

Shuningdek, avtomashina salonida bo‘lgan 21 yoshli A.P., 20 yoshli A.Yu. va uning tengdoshi bo‘lgan I.A. tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan A.Yu. va I.A. shifoxonada vafot etgan.

Avtohalokat oqibatida vafot etgan yigitlarning barchasi Andijon tibbiyot instituti 3-kurs talabalari bo‘lgan.

Voqea joyi Andijon tuman prokurori ishtirokida, tuman IIB boshlig‘i, tuman IIB tezkor-tergov guruhi va EKB mutaxassislari tomonidan ko‘zdan kechirilib, birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda ishga aloqador daliliy ashyolar olingan. Shuningdek, marhumlarning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizalari tayinlangan.

Holat yuzasidan 22-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Andijon tuman IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Bundan avval Tacuma mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan “Xalq so‘zi” gazetasi jurnalisti Said Mahsumov avtohalokatga uchrab, vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu YTHda haydovchi va yana ikki yo‘lovchi ham vafot etgandi.