Buxoro viloyati Davlat xavfsizlik boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining katta inspektorini pora bilan qo‘lga oldi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining reportajida ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, bojxona xodimi turkmanistonlik tadbirkordan qo‘shni davlatdan kelayotgan yuk vagonlari uchun bojxona to‘lovlari miqdorini kamaytirish, shuningdek, har kungi ombor to‘lovlarini to‘lamagan holda deklaratsiya rasmiylashtirib berish evaziga 800 AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida bojxona xodimi so‘ralgan summaning 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.