Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 1 million dona uzum ko‘chatini yetkazib berish bo‘yicha tenderi natijalari atrofidagi holatni o‘rganish yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan komissiya tuzildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
“Vaziyat o‘rnatilgan tartibda qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra tegishli qarorlar qabul qilinadi va e’lon qilinadi”, — deyiladi xabarda.
“Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati ham vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, in vitro usulida yetishtirilgan 9,95 milliard so‘mlik uzum ko‘chatlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda De Nova Agro kompaniyasi g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya asoschisi esa Bekjon To‘rayev — qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (loyiha buyurtmachisi) rahbari, professor, biologiya fanlari doktori Alisher To‘rayevning o‘g‘li.
Izoh (0)