London Oliy sudi qaroriga ko‘ra, shahzoda Filippning vasiyatnomasi 90 yildan keyin e’lon qilinadigan bo‘ldi. Bundan maqsad shahzodaning bevasi, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning “qadr-qimmati va obro‘sini” himoya qilish deb yozadi BBC sudning oilaviy ishlar bo‘limi raisi Endryu Mafarleynning qaroriga asoslanib.

Foto: PA Wire

Yopiq majlis yakunida Mafarleyn azaliy an’anani buzmaslikka qaror qildi va qirollik oilasi a’zosining vasiyatnomasini ochiqlamaslikka ruxsat berdi. Urf-odatlarga ko‘ra, oddiy odamning vasiyatnomasidan farqli o‘laroq, jamoatchilik diqqat markazida bo‘ladigan qirollik a’zosining vasiyatnomasi o‘nlab yillar davomida muhrlangan holda saqlanishi mumkin.

“Hukmdor (qirolicha Yelizaveta II) va uning oilasiga yaqin kishilarning qadr-qimmatini saqlab qolish uchun, ushbu toifadagi guruh kishilari hayotining chinakam shaxsiy tomonlari himoyasini kuchaytirish kerak”, — deya tushuntirdi sudya. Uning so‘zlariga ko‘ra, sudya shahzoda Filipp vasiyatnomasining mazmuni bilan shaxsan tanish emas, faqat uning bajarilish vaqtini biladi — bu 90 yildan keyin.

Nashr aniqlik kiritishicha, ayni paytda, London Oliy sudi oilaviy ishlar bo‘limi raisining seyfida turli yillarda vafot etgan qirollik oilasi a’zolarining so‘nggi istaklari yozilgan yana 30 ta yopiq konvert saqlanmoqda. Bu an’ana faqat bir marta — 1997-yilda Uels malikasi Diananing vafotidan keyin buzilgan. Vasiyatnomasida malika o‘z mulkini o‘g‘illari shahzoda Garri va Uilyam 25 yoshga to‘lgandan so‘ng, ularga o‘tishiga ishonch bildirgan.

9-aprel kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida olamdan o‘tgandi. Filippning dafn marosimi 17-aprelda Vindzordagi saroy hududida o‘tkazilgan. Koronavirus sabab joriy qilingan cheklovlar tufayli marosimda 30 kishi ishtirok etgan. Yelizaveta II Edinburg gertsogi bilan bir oila sifatida 73 yil umr kechirdi. Ushbu vaqt davomida ular to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazdi – valiahd shahzoda Charlz Uelskiy, malika Anna, York gertsogi Endryu va Uesseksk grafi Edvard, shuningdek, qirolichaning sakkiz nafar nevara va o‘n nafar evarasi bor.