Samarqand viloyatida gaz ta’minotiga noqonuniy ulanib, undan foydalangan tadbirkorlar aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan hududlarda gaz o‘g‘riliklarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, 2021-yilning avgust oyida turli xildagi mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar tomonidan shartnoma shartlariga amal qilmay, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo‘yicha jami 12 ta holat aniqlanib, tarmoqdan uzilgan.
Barcha to‘plangan materiallar esa huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan. Noqonuniy ulanishlar natijasida gaz ta’minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 2 milliard 825 million 687 ming 120 so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumot berilishicha, ushbu hajmdagi tabiiy gaz, taxminan, 24 mingta xonadonning 6 oylik gaz iste’molini tashkil qiladi.