O‘zLiDePning 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyida o‘z saylovoldi dasturini ma’lum qilgan Shavkat Mirziyoyev tuman va shahar hokimlarini saylashning yangi tartibini taklif etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman, shahar, viloyat vakillik va ijro hokimiyati tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Kelgusida tuman va shahar kengashlarida kamida 2-3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi. Ular muammolarni mahallabay o‘rganib, yechimini Kengash muhokamasiga kiritadi.
“Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod tuman kengashida eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya guruhi tomonidan ilgari suriladi. Bunda nomzod hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini xalq vakillari oldida himoya qila olgan taqdirda hokim lavozimiga tasdiqlanadi. Kelajakda baribir hokimlar saylanadi, shu tizimga kelamiz”, — dedi Prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir qator ijtimoiy masalalar, jumladan, ichimlik va oqova suv, ichki yo‘llar, boshqa infratuzilma obyektlarining qurilishi, bandlik dasturini tasdiqlash tuman va shahar kengashlari vakolatiga o‘tkaziladi.
2022-yildan boshlab bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash obyektlarini qurish va ta’mirlashga ajratiladigan 4 trillion so‘m mablag‘ni taqsimlash vakolati, viloyatlarga beriladi.
“Bundan buyon Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari o‘qitish va tarbiya sifatiga, mahalliy hokimliklar esa, qurilish-ta’mirlash ishlariga javob beradi”, — dedi davlat rahbari.
Uning aytishicha, endi har bir hokimlik o‘zining va hududiy ijro idoralarining shtat birligi va tuzilmalarini kengash bilan bamaslahat mustaqil belgilaydi. Yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lig‘icha ushbu tuman va shaharlarda qoldiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning dekabrida hokimlarni lavozimga saylashni taklif etgan edi. 2017-yilning avgustida u hoziroq hokimlarni xalq saylashi tizimini joriy etishga tayyorligini bildirgandi. 2020-yilning sentabr oyida davlat rahbari yana bir bor “Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz”, deb ta’kidlagandi. 2021-yilning mart oyida esa jamiyat hokimlarni saylashga tayyor emasligini aytgandi.
“Hokimlar ham saylansin, degan gaplar juda ko‘p muhokama qilinadi. Buni o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga hozir biz tayyormizmi? Bitta mahalla raisini adolatli saylay olmaymiz-ku: to‘da-to‘da bo‘lib, o‘z yaqinlarimiz yoki tanishlarimizni saylaymiz. Jamiyatni tayyor bo‘lmagan muhitga saylovlarni qo‘yish xiyonat emasmi? Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, buni juda yaxshi tushunaman. Ammo kimni saylaymiz? Lekin men ishonaman, vaqt o‘tib, albatta, hokimlarni ham saylash jarayoniga yetib kelamiz”, — degan edi Prezident.
Hozirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, nomzodni davlat rahbari tavsiya etadi.