“Tolibon” vakillari va Panjsherdagi qarshilik kuchlari bir-biriga hujum qilmaslikka kelishib oldi. Bu haqda Pokistonning GEO TV telekanali xabar berdi. Ikki delegatsiya o‘rtasidagi uchrashuvlar so‘nggi ikki kun davomida Afg‘onistonning Parvon viloyati Chorikor shahrida bo‘lib o‘tdi.

Foto: flickr.com

Sulh haqida qo‘shma matbuot anjumanida e’lon qilinishi kutilmoqda. Kelishuv “Tolibon” hukmronligi ostida bo‘lmagan yagona viloyat Panjsherdagi to‘qnashuvlarning oldini olishga yordam beradi.

Avvalroq Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud “Tolibon” bilan muzokaralar boshlanishini kutayotganini bildirgandi. U muloqotga tayyor ekanini aytgan va muzokaralarda Rossiyaning vositachilik qilishiga umid bildirgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qarshilik kuchlari tarkibida 10 ming askar bor, ular orasida hukumat qo‘shinlarining muntazam bo‘linmalari harbiylari, shuningdek, og‘ir qurollar mavjud.

“TASS” xabar berishicha, “Tolibon” jangarilari Afg‘onistondagi Milliy yarashuv Oliy Kengashi rahbari Abdulla Abdulla va mamlakat sobiq prezidenti Hamid Karzayni qo‘riqchilardan mahrum qildi.

CNN manbasiga ko‘ra, 23-avgust kuni “Tolibon” Karzayning mashinalarini musodara qilgan va uning tansoqchilaridan qurol-yarog‘larini olib qo‘ygan. Shundan so‘ng sobiq davlat rahbari Abdulla Abdullaning uyiga ko‘chib o‘tgan. Abdullaning uyida esa 25-avgust kuni tintuv o‘tkazilgan. Natijada hukumatni “Tolibon”ga tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning bu ikkala a’zosi qo‘riqchisiz qoldi.

CNN ta’kidlashicha, Karzay va Abdullani uy qamog‘ida desa ham bo‘ladi.

“Tolibon” poytaxtga kirgach, Abdulla Abdulla va Hamid Karzay Islom partiyasi rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan birgalikda Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzgandi. Ular yangi hukumat organlarini tuzish maqsadida harakat vakillari bilan bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi. Ariana News telekanali “Tolibon” tuzmoqchi bo‘lgan Afg‘oniston boshqaruv kengashi tarkibidan bu uch siyosatchi ham o‘rin olishi haqida xabar bergandi.