Afg‘onistonning boshqa shaharlarini shiddat bilan bosib olib, “Tolibon” harakati kuchlari 2021-yil 15-avgustida poytaxt Kobulga yetib keldi va ko‘p o‘tmay shahardagi davlat muassasalariga o‘z bayrog‘ini o‘rnata boshladi. AQSh harbiy ko‘magisiz qolgan hukumat kuchlari “Tolibon” jangarilariga deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. Kobul aeroportida tartibsizliklar boshlandi: shahar aholisi sarosima ichida mamlakatni tark etishga urinib, minglab odamlar uchib ketayotgan samolyotlarga osila boshladi, ularga ham “Tolibon” a’zolari, ham Amerika harbiylari qarshilik ko‘rsatdi. Afg‘onistonning boshqa mamlakatlar bilan quruqlikdagi chegaralari yaqinida ham qochqinlar to‘planmoqda. Shaharda qurbonlar ham bo‘ldi: aeroportdagi ur-yiqit, jurnalistlar va jamoat arboblarining uylaridagi tintuvlar, norozilik namoyishlarining o‘qqa tutilishi oqibatsiz bo‘lmadi. Ayni vaqtda harakat vakillari ko‘plab intervyularida ishontirishicha, ular hech ham Afg‘onistonda 1996-yilda hokimiyatni egallab olib, besh yil hech kim tan olmagan qat’iy diniy diktaturani qurgan va roppa-rosa 20 yil avval AQSh va ittifoqdoshlarining harbiy kuchlari tomonidan quvib chiqarilgan odamlar emas. Meduza “Tolibon” nazorati ostidagi Afg‘onistonda o‘tgan bir haftani suratlar orqali ko‘rsatib berdi.

Kobulning Vazir Akbarxon tumanida “Tolibon” patruli. 2021-yil 18-avgust

Foto: AP Photo

Kobul aeroportiga kiraverishda to‘plangan olomon, u orqali minglab odamlar iloji boricha tezroq mamlakatni tark etishga umid qilmoqda. Aeroport yaqinidagi tiqilinchda allaqachon 12 kishi halok bo‘lgan. 2021-yil 20-avgust

Foto: AFP

Ayollar bolalari bilan birga Kobul aeroportiga kirib olishga urinmoqda. 2021-yil 16-avgust

Foto: Reuters

Ko‘ngilli va yarador Kobul aeroportida. Hokimiyat “Tolibon” tomonidan egallab olingach, minglab odamlar mamlakatni tark etishga urinib, parvoz maydonini qurshab olgan. 2021-yil 16-avgust

Foto: AFP

Amerikalik dengiz piyoda askari qo‘lida chaqaloq bilan. Ba’zi afg‘onlar aeroportga kirib, Kobuldan uchib ketishdan umidini uzib, hech bo‘lmaganda farzandlari “Tolibon” hukmronligi ostidagi Afg‘onistonni tark etishiga umid qilib, ularni to‘siqlar orqali uzatmoqda. 2021-yil 20-avgust

Foto: Reuters

Mamlakatni tark etish istagidagi afg‘onlardan tushgan arizalar Buyuk Britaniya va Kanadaning Kobuldagi elchixonalari yonidagi “Xamvi” harbiy yo‘ltanlamasida. 2021-yil 19-avgust

Foto: AFP

Kobul aeroportidan harbiy samolyotlarda evakuatsiya. 2021-yil 20-avgust

Foto: Reuters

AQSh harbiy havo kuchlariga tegishli C-17 Globemaster III harbiy transport samolyotida Kobul aeroportidan 640 ga yaqin afg‘onistonlik evakuatsiya qilindi. Defence One ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab shuncha odamni bortga olib chiqish rejalashtirilmagan edi, biroq afg‘on guruhlari uchish maydoniga bostirib kirib, samolyotga o‘zlari chiqib olgan. Shundan so‘ng ekipaj ularni kuch bilan tushirib yubormaslikka, aksincha bortdagi hammani olib uchishga qaror qilgan. 2021-yil 19-avgust

Foto: U.S. Air

“Tolibon” patrulining o‘t ochishlar, qamchilar va kaltaklar yordamida aeroport yaqinidagi olomonni tarqatib yuborishga unishi oqibatida yaralangan ayolga o‘tkinchilar yordamlashmoqda. Kamida olti kishi jabrlangan. 2021-yil 17-avgust

Foto: Getty Images

“Tolibon” patruli Qandahor ko‘chalarida. Shahar 12-avgustdan buyon ularning hukmronligi ostida. 2021-yil 19-avgust

Foto: EPA

Kobulda reklama plakatlaridagi yuzlari bo‘yab tashlangan ayollar suratlari. 2021-yil 20-avgust

Foto: Anadolu Agency

Afg‘oniston shaharlarida mustaqillik kuni ko‘chalarga namoyishchilar Afg‘oniston Islom respublikasi bayroqlari bilan chiqdi. Ko‘plab namoyishlarga ayollar yetakchilik qildi. Bir qator hollarda “Tolibon” ushbu aksiyalarni o‘qotar qurol qo‘llab shafqatsizlarcha tarqatib yubordi, qurbonlar bo‘ldi. 2021-yil 19-avgust

Foto: Reuters

19-avgust — Afg‘oniston mustaqilligi kunida qator shaharlarda norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar Afg‘oniston Islom respublikasi bayrog‘ini hilpiratdi. “Tolibon” patrullari bu aksiyalarni tarqatib yubordi, ba’zi joylarda qurbonlar ham bo‘ldi. Jalolobodda “Tolibon” namoyishchilarni o‘qqa tutdi, oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘lib yana kamida o‘n kishi yaralandi. Kobul, 2021-yil 19-avgust

Foto: Vida Press

“Tolibon”ga ittifoqdosh “Haqqoniy guruhi” tashkilotining hozirgi yetakchisi Xalil al-Rahmon Haqqoniyning korteji. Uning boshi uchun AQSh 5 million dollar mukofot belgilagan. Hozir u Kobul bo‘ylab bemalol harakatlanib yuribdi, 20-avgust kuni esa u shahar masjididagi juma namozidan chiqayotganini ko‘rishgan.

Foto: Getty Images

Panjsher viloyatida “Tolibon”ga qarshi muxolifat jangchilari. Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Panjsher tog‘li vodiysi “Tolibon”ga qarshilik kuchlari yetakchilari — afg‘onistonlik mashhur dala qo‘mondoni Ahmad Mas’udshohning o‘g‘li Ahmad Mas’ud va mamlakat sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih uchun boshpanaga aylandi. Ularga afg‘on armiyasining “Tolibon”ga taslim bo‘lmagan otryadlari kelib qo‘shilmoqda. Hozircha tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, mahalliy aholining ko‘magi bilan qarshilik otryadlari “Tolibon”dan vodiyning bir qancha tumanlarini olib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo ular o‘zlaridan ko‘p marta kuchliroq bo‘lgan raqibga qachongacha qarshilik ko‘rsata olishi hozircha aniq emas. 2021-yil 19-avgust

Foto: AFP

Eronning Qizil yarim oy tashkiloti xodimlari tomonidan olingan surat: afg‘on-eron chegarasidan o‘tishga urinayotgan qochqinlar. Minglab odamlar “Tolibon”dan qochib, Afg‘onistonni tark etishga harakat qilmoqda. Ko‘pchilik ag‘darib tashlangan hukumatga va xalqaro koalitsiya kuchlariga, shu jumladan, AQShga ishlagan va endi “Tolibon” qasos olishidan xavfsiramoqda. Ammo hamma davlatlar ham — na Afg‘onistonga chegaradosh mamlakatlar va na G‘arb davlatlari — barcha qochqinlarni qabul qilishga tayyor emas. Avstraliya afg‘onlarni qabul qilishdan umuman bosh tortdi, faqat AQShning iltimosi bilan Shimoliy Makedoniya, Albaniya va Kosovo bir necha yuz nafar qochqinni zudlik bilan qabul qilishga rozi bo‘ldi, xolos. Buyuk Britaniya hukumati Britaniya harbiylariga va Afg‘onistondagi boshqa tashkilotlarga yordam berganlardan iborat bo‘lgan 20 ming kishini ko‘chirib o‘tkazish dasturi haqida e’lon qildi, ammo bu jarayon besh yil vaqt oladi. Eron, Sistan va Belujiston viloyati. 2021-yil 19-avgust

Foto: AFP

Eronlik harbiy eron-afg‘on chegarasida to‘siq orqali afg‘onistonlik qochqinlarga sharbat uzatmoqda. 2021-yil 19-avgust

Foto: AFP

Ammo hamma ham Afg‘onistondan qochib ketayotgani yo‘q — mamlakatga qaytib kirishga urinayotganlar ham bor. “Tolibon” avgust boshidayoq mamlakat janubi-sharqiy qismidagi chegara postini egallab olganidan keyin Pokiston hukumati Afg‘oniston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Ushbu qarorga norozilik belgisi sifatida “Tolibon” chegara postini yopib qo‘ydi va pokistonliklardan Afg‘oniston fuqaroligiga ega bo‘lganlar yoki Pokistonning qochqin kartochkasi bo‘lganlarni qo‘yib yuborishni talab qildi. 2021-yil 19-avgust

Foto: Reuters

“Tolibon”ning qurollangan jangchilari Kobul masjidida poytaxt egallab olinganidan keyingi birinchi juma namozida. 2021-yil 20-avgust

Foto: AFP

“Tolibon” jangchilari Kobuldagi juma namozida. 2021-yil 20-avgust

Foto: Getty Images

“Tolibon” patruli Kobul ko‘chalarida. 2021-yil 19-avgust

Foto: AP Photo