Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza berish noma’lum muddatga to‘xtatilganini ma’lum qildi. Elchixona buni “tashqi siyosatdagi maxsus vaziyat” bilan izohlagan.
22-avgust kuni e’lon qilingan xabarda aytilishicha, Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasida, ayniqsa, viza olish uchun tayinlangan qabullar shu vaqtdan e’tiboran kuchga kirishi bilan bekor qilinadi.
“Yangi vizaga yozilish vaqtlari haqida, hamda viza olish uchun uchrashuvlar haqida kerakli vaqtda xabar beriladi. So‘rovnomalaringizni yubormasligingizni iltimos qilamiz. Bu boradagi savollar hozircha javobsiz qoladi”, — deyiladi elchixona xabarida.
Germaniya ayni paytda yevropalik va afg‘onistonlik fuqarolarni Afg‘onistondan O‘zbekiston hududi orqali evakuatsiya qilishda davom etmoqda. Buning uchun O‘zbekiston alohida terminal ajratdi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20-avgustga kelib O‘zbekiston orqali 2000 ga yaqin xorijiy fuqaro Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan.
Izoh (0)