Andijon shahri markazida yangi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilning 17–18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatida transport infratuzilmasini yangilash aholiga sifatli, arzon transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriqlarni bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shahar jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan harakat tarkibini yangilagan holda yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Alpomish merosi” MChJ tomonidan Xitoyning Zhongtong bus Company limited korxonasi bilan 70 dona zamonaviy avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha 4 375 000 dollarlik shartnoma imzolangan.
Shartnomaga muvofiq 14-avgust kuni ushbu avtobuslardan 20 donasi Andijon viloyatiga olib kelindi. Avgust oyi oxiriga qadar yana 50 dona avtobusni olib kelish rejalashtirilgan
Buning natijasida shahar markazi to‘liq jamoat transporti qatnovi bilan qamrab olinadi. Yangi avtobuslar harakatining yo‘lga qo‘yilishi bilan 200 dan ortiq ishchi o‘rni yaratiladi.
Bundan avval Toshkentda avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo‘lagi ajratilib, bekatlar yangilanishi, avtobuslar harakatini kuzatish imkonini beradigan “Toshkent transporti” mobil ilovasi ishga tushirilgani hamda Toshkentda 1-avgustdan bir qancha avtobus yo‘nalishlari o‘zgartirilib, yangilari tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)