Xitoyning Xiaomi kompaniyasi uchta Redmi K40 Game Edition smartfonidan kiborg-terminatorni yasadi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
Mecha Fighter nomini olgan konstruksiya 90 kun davomida yasalgan. Terminator o‘xshashi uchun uchta smartfonning 600 dan ortiq ehtiyot qismlaridan foydalanishga to‘g‘ri kelgan.
Terminator xitoylik aktyor Van Ibo ko‘rinishida yasalgan — u Redmi brendining Xitoydagi yuzi hisoblanadi. Mecha Fighter yaratuvchilari ushbu kiborgni Van Iboning tug‘ilgan kuniga sovg‘a sifatida yasagan.
Smartfonlar qo‘lda ehtiyot qismlarga ajratilgan. Real shaklni yaratishda kompyuter yordamida uch o‘lchamli model ishlab chiqilgan. Yuzning mexanik yarim qismini tashqi ko‘rinishi Arnold Shvarsenegger ijrosidagi mashhur “Terminator” filmidan ilhomlanilgan.
Ma’lumot uchun, Redmi K40 Gaming Edition — Redmi K40 flagmanining geymerlar uchun mo‘ljallangan versiyasi hisoblanadi. U 6,67 dyuymli AMOLED-ekran bilan jihozlangan, tasvir yangilanish chastotasi 120 gerts.
Eslatib o‘tamiz, Redmi kompaniyasi fevral oxirida beshta yangi qurilmasi — Redmi K40, K40 Pro, K40 Pro+ smartfonlari, RedmiBook Pro noutbugi va Redmi AirDots 3 simsiz naushnigining taqdimotini o‘tkazgan edi.