Redmi kompaniyasi bir vaqtning o‘zida beshta yangi qurilmasi — Redmi K40, K40 Pro, K40 Pro+ smartfonlari, RedmiBook Pro noutbugi va Redmi AirDots 3 simsiz naushnigining taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar beradi “Afisha.uz”.

Foto: “Afisha.uz”

Redmi AirDots 3

Taqdimotda namoyish etilgan oxirgi qurilmadan boshlaymiz. Redmi AirDots 3 o‘zidan oldingi qurilma kabi tashqi ko‘rinishga ega bo‘lib, shaklida biroz o‘zgarish mavjud. Naushnik Bluetooth 5.2 simsiz interfeysini, aptX Adaptive kodekini qo‘llab-quvvatlaydi, sensor va Xiaomi, Google hamda Apple ovozli yordamchilari orqali boshqariladi.

Foto: “Afisha.uz”

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, naushniklar bir marta quvvatlanish orqali yetti soatgacha ishlay oladi, uning g‘ilofi esa ushbu vaqtni 30 soatgacha uzaytirib beradi. Keysning o‘zi USB Type-C  porti orqali quvvatlanadi.

Xitoyda Redmi AirDots 3 4-martdan pushti, ko‘k va oq ranglarda 31 dollar narxida sotuvga chiqadi.

RedmiBook Pro 15 va 14

Redmi’ning yangi noutbuklari yaxlit metall korpusdan ishlangan bo‘lib, raqobatchilaridan arzon bo‘lmagan 11-avlod Intel Core protsessorlarida ishlaydi.

Katta model 90 gertsli yangilanish chastotasiga ega ekran va 3.2K sifatda 242 ppi piksel zichligiga ega bo‘lgan. Xaridorlarga 11-avlod Intel Core i5 yoki Core i7, 2 gigabaytli Nvidia GeForce MX450 videokarta, 16 gigabayt tezkor va 512 gigabayt yoki 1 terabayt ichki xotirali versiyalar taqdim etiladi.

Ekrani diagonali 14 dyuymga teng kichik model esa 2.5K sifatni qo‘llab-quvvatlovchi 60 gertsli chastotaga ega. Boshqa texnik jihatlari katta modelniki kabi.

Narxlar: Intel Core i5 protsessoriga ega bazaviy RedmiBook 15 narxi 775 dollarga baholangan, RedmiBook 14 narxi esa 700 dollardan boshlanadi.

Redmi K40, K40 Pro, K40 Pro+

Redmi kompaniyasi yangi uchta qurilmasining barchasi zamonaviy dizaynga ega flagman modellar hisoblanadi.

Foto: “Afisha.uz”

Apparatlar ingichka Samsung Super AMOLED ekranlarning so‘nggi avlodi — E4 bilan jihozlangan (Galaxy S21’ga ham xuddi shunaqasi o‘rnatilgan) bo‘lib, frontal kamerasi o‘rnida kichik qirqim mavjud. U nafaqat 120 gertsli yangilanish chastotasi bilan, balki 360 gertsli sensor qatlam chastotasi bilan ham maqtana oladi. Bundan tashqari, yorug‘likning yuqori darajasi 1300 nitni tashkil etadi. Shuningdek, ularda iPhone’lardagi TrueTone kabi ranglar haroratini avtomatik rejimda boshqaruvchi qo‘shimcha datchik ham bor.

Foto: “Afisha.uz”

K40 lineykasidagi modellarga sig‘imi 4520 mA/soatga teng akkumulyatorlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular 33 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega. Bundan tashqari, telefonlar hajmli Dolby Atmos ovozini qo‘llab-quvvatlovchi ikkita stereodinamikka ega, IP53 standarti bo‘yicha namlikdan himoyalangan va quvvatlantirish tugmasida barmoq izi skaneri mavjud. Qurilmalar qalinligi — 7,8 millimetr.

Redmi K40 seriyasidagi smartfonlar bir-biridan faqat protsessorlari va kameralari bilan farq qiladi. Kichik modelning asosiy datchigi — 48 megapikselli Sony IMX582, K40 Pro’niki — 64 megapikselli Sony IMX686, K40 Pro+ modeliniki esa 108 megapikselli Samsung HM2. Standart K40 ichiga Snapdragon 865 protsessori o‘rnatilgan bo‘lsa, K40 Pro va K40 Pro+’dan Snapdragon 888 chiplari o‘rin olgan.

Foto: “Afisha.uz”

Shuningdek, smartfonlar qo‘shimcha kameralarga ham ega bo‘lgan: 5 Mp (50 millimetrli fokus masofali obyektiv), 8 Mp (119 daraja burchak kengligiga ega o‘ta keng burchakli obyektiv) va 20 Mp frontal kamera.

Redmi K40 lineykasining Xitoydagi narxlari:

  • Redmi K40 6/128 Gb — 310 dollar;
  • Redmi K40 8/128 Gb — 340 dollar;
  • Redmi K40 8/256 Gb — 387 dollar;
  • Redmi K40 12/256 Gb — 418 dollar;
  • Redmi K40 Pro 6/128 Gb — 433 dollar;
  • Redmi K40 Pro 8/128 Gb — 464 dollar;
  • Redmi K40 Pro 8/256 Gb — 510 dollar;
  • Redmi K40 Pro+ 12/256 Gb — 572 dollar.