Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mamlakatning qidiruvdagi sobiq prezidenti Asqar Akayev Bishkekka olib kelinganini ma’lum qildi. U idoralararo tergov guruhiga topshirilgan, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: EPA

Akayev “Qumtor” oltin koni loyihasini amalga oshirishda korrupsiyaga qo‘l urganlikda gumon qilinmoqda.

Asqar Akayev 1990-yildan Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan, 2005-yilda “Lolalar inqilobi” deb nomlangan davrda prezident lavozimidan chetlatilgan, so‘ng mamlakatni tark etgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ta’kidlashicha, Akayev va boshqa sobiq yuqori martabali amaldorlar 1992-yilda “Qumtor” loyihasi bo‘yicha bosh kelishuvni tuzishda, 1994-yilda unga o‘zgartirishlar kiritishda, shuningdek, 2003-yilda “Kameko” kompaniyasi bilan kelishuvni qayta tuzishda korrupsiya holatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 1992-yildan 2019-yilgacha ayrim mansabdor shaxslar va “Qirg‘izoltin” OAJ rahbariyati Kanadaning Cameco, Centerra Gold Inc kompaniyalari bilan “noqonuniy va barqaror munosabatlar o‘rnatgan”, shuningdek, “Qumtor Operating Company” YoAJ va “Qumtor Gold Company” YoAJ vakillari “noqonuniy ravishda moddiy va boshqa manfaatlar olish uchun” “Qumtor” oltin konini qazish bo‘yicha Qirg‘iziston uchun noqulay shartnomalar tuzgan.

Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar “Qumtor” ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgandi.

Tergov davomida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Akayevni respublika hududiga olib kelib, jinoiy javobgarlikka tortish nuqtayi nazaridan tarixiy adolatni tiklash” ustida faol ish olib borgan.

May oyi oxirida Qirg‘izistonda yana ikki nafar sobiq davlat amaldori korrupsiyada ayblanib hibsga olingan edi. Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq raisi va sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovdir.