Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar mamlakatdagi eng yirik oltin koni bo‘lgan “Qumtor” ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi boshlig‘i Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: Tengrinews

Akayev Kanadaning “Kameko” (Cameco Corporation) kompaniyasi bilan shartnoma tuzishda mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumon qilinmoqda. Ushbu kompaniya 1990-yillarning boshidan beri konni qazib kelmoqda. “RIA Novosti” yozishicha, kompaniya bitimning boshida turgan, shundan so‘ng Qirg‘iziston “Qumtor ustidan nazoratni deyarli yo‘qotgan”.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, idoralararo tergov guruhi “Qumtor” oltin konini qazish bo‘yicha loyihaning turli bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan korrupsiyani tekshirmoqda.

“Tergov davomida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq voqealarning butun xronologiyasi chuqur tahlil qilindi va quyidagi tekshiruv yo‘nalishlari aniqlandi: 1992—1994-yillarda kompaniya bilan umumiy bitim tuzilgan bo‘lib, unga binoan sobiq prezident Akayev mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi va qidiruvga berildi”, — deya ma’lum qildi Tashiyev.

Shuningdek, bir qator mansabdor shaxslar ham ishning muddati o‘tgani sababli tekshiruvni to‘xtatishga rozi bo‘lgan. “Bu ular o‘z ayblarini tan olganini anglatadi”,—  dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.

Ta’kidlanishicha, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev keyingi shartnomalarni tuzgani uchun xuddi shunday ayblovlar bilan korrupsiyada gumon qilinmoqda. Uning o‘g‘li Maksim Bakiyev ham qidiruvga berilgan.

Tergov, shuningdek, sobiq prezidentlar Almazbek Atamboev va So‘ronboy Jeenbekovning Kanada kompaniyalari bilan respublika uchun befoyda ekani oldindan ma’lum bo‘lgan bitimlarni tuzishida ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini aniqlamoqda.

“Agar biror narsa chiqsa, ular ham javobgar bo‘ladi”, — dedi Tashiyev.

Ma’lumot uchun Asqar Akayev 2005-yilda “Lolalar inqilobi” deb nomlangan davrda Qirg‘iziston prezidenti lavozimidan chetlatilgan, so‘ng u Rossiyaga qochib ketgan. Qurmanbek Bakiyev 2010-yilgi yangi norozilik namoyishlari natijasida hokimiyatdan chetlatilgan va  Belarusga ketgan.

May oyi oxirida Qirg‘izistonda yana ikki nafar sobiq davlat amaldori korrupsiyada ayblanib hibsga olingan edi. Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq raisi va sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovdir.