O‘zbekiston terma jamoasi va “Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini “Roma”da davom ettiradi.
Italiyalik insayder Janluka Di Martsioning xabar berishicha, “Roma” va “Jenoa” klublari transfer borasida kelishuvga erishgan. Rim klubi Shomurodovni sotib olish majburiyati bilan ijaraga oladi, bitim qiymati 17,5 million yevroni tashkil qiladi. Shuningdek, 2,5 million miqdoridagi ehtimoliy bonuslar ham nazarda tutilgan. “Jenoa” futbolchining keyingi transferidan 10% ulushga ega bo‘ladi.
Shomurodov 2-avgust, dushanba kuni shartnoma imzolash uchun Rimga yetib boradi.
Avvalroq Eldor “Roma” bilan 2026-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolashi haqida xabar berilgandi. Agar “Roma” kelasi mavsumda Chempionlar Ligasiga chiqsa, shartnomadagi futbolchini sotib olish bandi faollashishi aytilgandi.
Qayd etish o‘rinli, 2020-yilning yanvar oyida Eldorga “Yuventus”dan ham qiziqish bo‘lgan.
Shomurodov 2020/21-yilgi mavsum boshida “Rostov”dan 7,5 million yevro evaziga “Jenoa”ga o‘tgan. U ortda qolgan mavsumda A Seriyada 31 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)