Dunyodagi eng mashhur investorlardan biri, Rogers Holdings rahbari Jim Rojers O‘zbekistonga e’tibor qaratmoqda. Bu haqda Forbes’ga tayanib Spot xabar berdi.
“Men yangi O‘zbekiston hamon G‘arbda deyarli noma’lum bo‘lsa-da, uning katta ishqiboziman. Avvallari mamlakatda diktatura edi, ammo yangi hukumat nima qilayotganini biladigan ko‘rinadi. Ular so‘nggi bir necha yilda erishga yutuqlar maqtovga loyiq”, — deydi Rojers.
Amerikalik investorga birinchi navbatda energetika, metall va qishloq xo‘jaligi qiziq, biroq O‘zbekistonda u bundan-da ko‘proq ishlarni amalga oshirishga tayyor.
“Ayniqsa, meni ularning turistik potensiali qiziqtiradi. Ularning aviakompaniyasi xususiylashtirilsa, albatta, o‘ylab ko‘raman. Uzbekistan Airways — qiziqarli investitsion keys”, — deya ta’kidlagan Rojers.
“U yerda juda jozibador turistik yo‘nalish mavjud. Shunday ekan men qidiryapman”, — deydi Rogers Holdings rahbari.
Jim Rojers — dunyodagi eng mashhur investorlardan biri bo‘lib, 1970-yillarda u Jorj Soros bilan birgalikda Quantum Fund fondiga asos solgan. O‘z navbatida fond o‘n yil ichida investorlarga 4200 foiz daromad olib kelgan. Shunga qaramay, Rojers 1980-yilda Uoll-Stritni tark etgan va sayohatlar bilan shug‘ullanishga o‘tgan. 2014-yildan beri Rojers faol ravishda Rossiya aktivlariga sarmoya kiritmoqda — xususan, Moskva birjasi, “FosAgro” va “Aeroflot”.
Avvalroq AQSh tomonidan “qora ro‘yxat”ga kiritilgan ukrainalik biznesmen Aleksandr Onishchenko O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgani, 2008-yildan beri 12 nafar o‘zbekistonlik Buyuk Britaniyada “oltin viza” olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)