O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida so‘nggi 5 yil ichida jahonning 17 mamlakatiga jami 44 marta safarga chiqqan. Davlat rahbariga Belgiyadan tortib Bangladeshgacha bo‘lgan davlatlar tashrif uchun taklif bilan chiqqan. 2019-yilda Mirziyoyev bir yilning o‘zida 36 ta xorij safariga chiqishi rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlar Prezidentning tashriflar geografiyasi kengayishini ortga surib kelmoqda.

“Daryo” Shavkat Mirziyoyevning xorij safarlari bir qismini aks ettiruvchi fotosuratlarni bir sahifaga jamladi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi (2017-yil 6-mart). Mazkur safar Mirziyoyev uchun Prezident sifatidagi ilk xorijiy tashrif sanaladi. Suratda Turkmaniston prezidenti Mirziyoyevni faxriy qorovul ishtirokida aeroportda kutib olmoqda. Keyinchalik Prezident ushbu mamlakatga yana 5 marta borgan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi. Suratda Prezidentni mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Bakitjon Sagintayev hamda hukumat a’zolari faxriy qorovul ishtirokida kutib olmoqda (2017-yil 22-mart). Mirziyoyev eng ko‘p tashrif bilan borgan mamlakat aynan Qozog‘iston hisoblanadi — jami 7 marta. 

Foto: Primeminister.kz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Moskvaga kelgan vaqtida (2017-yil 4-aprel) hukumat a’zolari tomonidan faxriy qorovul bilan kutib olinmoqda. Prezident Rossiyaga Qozog‘iston bilan teng ravishda jami 7 marta safar qilgan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Xitoyga tashrif buyurgan (2017-yil 11-may). Prezident keyinchalik Xitoyga yana 2 marta borgan: Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi (2018-yil) hamda “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida (2019-yil) ishtirok etgan. 

Foto: Reuters

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 2017-yilning 21-may kuni Ar-Riyod shahrida bo‘ladigan arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan. Bu hozircha Prezidentning ushbu mamlakatga qilgan yagona safari. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Bishkek shahriga kelgan chog‘ida (2017-yil 5-sentabr) tantanali kutib olinmoqda. Prezident keyinroq ushbu davlatga 2 marta borgan. Birinchisida (sobiq) prezident Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 2017-yil 5-6-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan, ikkinchisida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida (2019-yil) ishtirok etish uchun

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 25-oktabr kuni Turkiyaga tashrif buyurgan vaqtida Anqaradagi Prezident majmuasida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan tantanali kutib olingan. Suratda Mirziyoyev turk tilida “Merhaba asker”, deya faxriy qorovulga salom yo‘llamoqda. Prezident ushbu mamlakatga ikkinchi marta 2020-yilning 19-fevral kuni rasmiy tashrif bilan borgan

Foto: Anadolu

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan ushbu mamlakatga tashrif buyurgan. 2017-yil 22-noyabr.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikistonning Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida 2018-yil 9-mart kuni mamlakat prezidenti Emomali Rahmon tomonidan O‘zbekiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi. Prezident keyinchalik ushbu davlatga yana 3 marta borgan. Bular: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining majlisi (2018-yil 27-sentabr), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti (2019-yil 14-iyun) hamda Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-iyun kuni rasmiy tashrif bilan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan muzokara olib borish uchun 2018-yil 17-may kuni Pentagonda faxriy qorovul hamrohligida kutib olinmoqda. Prezident avvalroq, ya’ni, 2017-yilning 18-sentabrida ushbu mamlakatga ilk tashrifini amalga oshirgan. Unda davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumiy muzokaralarida nutq so‘zlagan. Nyu-York shahriga tashrifi doirasida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi taqsimlovchi direktori Kristin Lagard, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim hamda BMT Bosh Assambleyasiga tashrif buyurgan boshqa davlat rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 1-oktabr kuni “Rashtrapati Bxavan” saroyida Hindiston prezidenti Ram Nath Kovind va bosh vazir Narendra Modi tomonidan kutib olinmoqda. Prezident keyinroq ushbu davlatga Hindiston bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan “Jo‘shqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida (2019-yil 17-yanvar) ishtirok etish uchun ham borgan.

Skrinshot: Prezident matbuot xizmati

Parij shahridagi Shon-sharaf maydonida O‘zbekiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi. 2018-yil 9-oktabr.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Belvyu saroyida O‘zbekiston Prezidentini Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer kutib olmoqda. 2019-yil 21-yanvar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi xalqaro aeroportida Prezidentni BAA bosh vaziri o‘rinbosari, prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon kutib olmoqda. 2019-yil 24-mart.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamrohligida Minsk shahridagi Mustaqillik saroyiga kirib kelmoqda. 2019-yil 1-avgust.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning navbatdagi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Boku shahriga kelganida Ozarbayjon bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Ayubov, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib olmoqda. 2019-yil 14-oktabr.

Foto: Azer TAS

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi asosiy tadbirlari Tokioda bo‘lib o‘tgan. Suratda davlat rahbari Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe tomonidan Kantey qarorgohida kutib olinmoqda. 2019-yil 19-dekabr.

Foto: Prezident matbuot xizmati